Shaxmat aqlni charxlovchi, xotirani mustahkamlovchi hamda kishini fikrlash va oqilona qaror qabul qilishga undovchi sport turlaridan biri sanaladi. Qadimdan ajdodlarimiz ham shatranj (shaxmat) o‘yini bilan muntazam shug‘ullanib kelgan. Shuni ta’kidlash joizki, Amir Temur davrida ham bu o‘yin keng urf bo‘lgan. Sohibqironning o‘zi shatranjni mahorat bilan o‘ynagan, uning bilimdonlarini saroyga taklif etgan. Bu haqida tarixchi Ibn Arabshoh shunday yozadi: “(Amir Temur) o‘z fikrini peshlash maqsadida muttasil shatranj o‘ynardi. Uning himmati kichik shatranj (o‘ynash)dan oliy bo‘lib, katta shatranj o‘ynardi”.
Alisher Navoiy ham shaxmatni mahorat bilan o‘ynagan, bu qadimiy o‘yinning nazariy jihatlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. Jumladan, “Lison ut-tayr” va “Saddi Iskandariy” dostonlarida, “Majolis un-nafois” asarida shatranj yurish qoidalari va u orqali chiqariladigan xulosalar bitilgan satrlarni uchratish mumkin.
Yaqindagina yosh shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovlarning Niderlandiyada o‘tkazilgan musobaqada erishgan natijalari barchamizni birdek quvontirdi. Ular dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini dog‘da qoldirib, sovrindorlar qatoridan joy egalladi.

Prezidentimizning 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori esa yurtimizda yangi avlod vakillari orasidagi aql-zakovat egalari intellektini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyatida ham sportning shaxmat turi rivojlanmoqda. Bunda Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan turli tanlovlar muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilgan “Hokim kubogi” musobaqasining mahalla bosqichida 4 ming 200 nafardan ziyod yoshlar qamrab olindi.

– “Hokim kubogi” va Rokirovka musobaqalarini o‘tkazishdan maqsad yoshlar o‘rtasida sportning shaxmat turiga qiziqishni oshirish, ularni yangi g‘alabalar sari rag‘batlantirish va bu bilan O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland hilpiratadigan yangi chempionlar yetishib chiqishiga o‘z hissamizni qo‘shishdir, – deydi O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Umid Bahromov. – Tadbir va musobaqalarni tashkil etishda Yoshlar ishlari agentligi ko‘maklashmoqda.
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida har hafta shanba kuni o‘tkazilayotgan “Rokirovka” turnirida ham 100 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etmoqda.

– Shaxmatga juda qiziqaman, – deydi Firdavs Narzullayev. – Undagi kombinatsion yurishlar, hayajonli lahzalar, g‘oliblik nashidasi har bir yosh sportchini ruhlantiradi. Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan “Rokirovka” shaxmat musobaqasida birinchi o‘rinni egalladim. Kelajakda Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etish va g‘olib bo‘lish niyatim bor. Ustozim men bilan alohida ishlayapti, kamchiliklarimni tushuntiryapti. Ushbu xalqaro musobaqada ham yuqori natijani qo‘lga kiritishimga ishonaman.
Aytish joizki, 2022 yil 5 avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident qarori bilan Navoiy viloyatida ham Xalqaro shaxmat maktabi tashkil etildi. Bu viloyat yoshlari uchun juda katta imkoniyatdir.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA