Prezident qarori amalda: imkoniyat, imtiyoz va samara
Mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, jumladan, oilaviy tadbirkorlik, yoshlarni biznesga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Buxoro viloyatida ham “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 2023-yilda 37 ming 164 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 922,4 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. 38 ming 500 nafardan ortiq fuqarolar bandligi ta’minlandi. Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, o‘tgan yili Buxoro viloyatida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarning 456,7 milliard so‘mi 20 ming 240 nafar ayollarga, 336,5 milliard so‘mi 13 ming 324 nafar yoshlarga ajratildi. Bu 35 mingga yaqin oilaning farovonligini oshirishga xizmat qildi.
Mirshod Sherov ham oddiy havas ortidan o‘z oilasi uchun yaxshigina daromad manbaini yaratdi. U bedanachilik tarmog‘ini rivojlantirib, ayni paytda oyiga 10 million so‘mdan ziyod foyda ko‘rmoqda.
– Dastlab havas orqali 100 bosh bedana parvarishladim, – deydi M.Sherov. – Daromadi yaxshi ekan. Davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatdan foydalanib imtiyozli kredit oldim. Bedana sonini 10 mingtaga yetkazdim. Kelajakda rejalarim bedanalar sonini 2-3 baravarga oshirish.
[gallery-16461]
Yashash uyida birgina tikuv mashinasi bilan ish boshlagan oila bekasi bugun atrofiga 70 dan ziyod xotin-qizlarni jamlagan. Buxoro shahridagi “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan korxona qisqa fursat ichida xorij bozorlaridan ham o‘z o‘rnini topdi.
–Asosan trikotaj materiallardan kiyimlar tikiladi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Dilnoza Shodiyeva. – 70 dan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minlaganmiz. Seximizni yanada kengaytirish niyatidamiz. Davlat rahbariga rahmat. Biz, tadbirkorlarga ayniqsa, ayollarga katta imkoniyatlar yaratib berilyapti. Ayni kunda mahsulotlarimizni Rossiyaga eksport qilyapmiz. Eksport geografiyasini yana kengaytiramiz.
Ayollar va bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan jamiyat endilikda ishchi o‘rnini ikki barobarga ko‘paytirib, mahsulot hajmini ham yanada oshirmoqchi. Bu tabiiyki, hududga tutash mahallalardagi xotin-qizlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
– Mahallamizda mana shunday tikuv sexi ochilganidan xursandmiz, – deydi korxona ishchisi Nasiba Avezova. –Uyda ham tikish-bichish bilan shug‘ullanardim. Endi esa aniq ish joyim bor. Maoshlarimiz o‘z vaqtida berilyapti. Yangi tikuv mashinalari olib kelindi.
Buxoro shahrining “Yoshlik” mahallasida ham davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida “Olim Sharipov YATT” milliy shirinliklar ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. 20 kishi ishlayotgan jamiyat bir yilda 500 million so‘mdan ziyod daromad ko‘rmoqda.
– Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida bankdan imtiyozli kredit oldik, – deydi tadbirkor Shahnoz Nabiyeva. – Shirinliklar, yarim tayyor hamda non va non mahsulotlarini ishlab chiqaryapmiz. Kelajakda yana 50 ta ish o‘rni yaratishni va katta jamoa bo‘lib ishlashni maqsad qilganmiz.
Zamonaviy eshik va derazalar tayyorlab, mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelayotgan Chorbaxosa mahallasidagi tadbirkorning ham faoliyat ko‘lami yildan yilga kengaymoqda. Jadal suratda davom etayotgan qurilishlar sabab korxona mahsulotlariga talab oshyapti.
Axtam Fozilov o‘z xonadonidagi mavjud tomorqasida 5 sotix maydonda limonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun davlatdan imtiyoz asosida kredit olgan edi. Hozirda oilaning barcha vakillari buning ortidan aniq ish o‘rniga ega bo‘ldi. Kogon tumanining Tutkunda mahallasida tashkil qilingan issiqxona xonadon uchun yaxshigina daromad manbaiga aylandi.
Axtam Fozilov bilan bir mahallada istiqomat qiluvchi Komil Tohirovning ham o‘ylagan rejalari amalga oshdi. Dehqonchilikning sir-asrorini puxta o‘zlashtirgan oila sardori issiqxona qurish uchun davlat ko‘magiga tayandi. Ko‘chatchilik bilan shug‘ullanayotgan yer egasi hozirda o‘zi kutgandek natijalarga erishmoqda.
Umuman olganda, “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi ijrosi bugun aholi farovonligini oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim vosita bo‘lmoqda. Joriy yilda dastur asosida Buxoro viloyati uchun 384 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi va 15 mingdan ortiq aholining bandligini ta’minlash nazarda tutilgan. Faqatgina bu emas, talabdan kelib chiqib, yangi takliflarni shakllantirish va istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham mahallalardagi hokim yordamchilari bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.