Prezident qarori amalda! 30 yilda asfalt bo‘ldi!
Hozir qishloq va mahallalarda kim bilan suhbatlashmang, “Prezidentning 408-qaroriga ko‘ra” deya gap boshlaydi. Darhaqiqat, bugun aslida biron marotaba asfalt bo‘lmagan ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda, ichimlik suvi bormagan xonadonlarga yangi tarmoqlar tortib borilmoqda. Bularning hammasi o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Masalan, birgina Qo‘shtepa tumanidagi 57 kilometr ichki yo‘llar birinchi gal rejasiga ko‘ra asfaltlanishi lozim. O‘tgan qisqa vaqt ichidayoq uning 45 kilometridagi ishlar bajarildi. 25 milliard so‘mlik qurilish ishlari o‘zlashtirildi. Umuman mazkur qarorga ko‘ra:
–Farg‘ona viloyatida 1193 kilometr ichki yo‘llarni asfaltlashtirish rejalashtirilgan. Ushbu ishlarga 595 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, –deydi. “Farg‘ona mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Hazratillo Tongotarov. –Bugungacha 1044 kilometr ichki yo‘llarni to‘liq asfaltlashtirishni amalga oshirdik.


Ish hajmi katta, faqat shu qarorga asosan viloyat hududida 371 ta mahallaning 1193 kilometr ichki yo‘llari tez fursatda asfaltlanishi lozim. Shuning uchun sohaga dahldor tadbirkorlar ham tender tanlovlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lib ko‘chalarni asfaltlashda qatnashmoqda. Masalan, Oltiariq tumanidagi “Taraqqiyot qurilish fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari hozirgacha Oltiariq va Qo‘shtepa tumanlarida 68 kilometr ichki yo‘llarga asfalt yotqizdilar. Bu ishlardan aholining quvonchi cheksiz.


–30 yildirki, yo‘limiz yozda chang, qishda loy bo‘lardi. Mana yo‘llarimiz asfalt bo‘ldi,–deydi shu ko‘chada yashovchi Ikromjon aka Qirg‘izov. –Yana bitta quvonchli voqea mahallamizga toza ichimlik suvi tushirib berilgani bo‘ldi. Mahalla ahli nomidan, oilamiz nomidan tashakkurlar aytaman. Shu kunlarga yetkazganiga shukr deb xursandmiz.
“Bo‘lar ekanku!” Aholi takror va takror aytmoqda bu so‘zlarni. Ha, Prezident qarorining ijrosi xonadonlarga quvonch baxsh etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ffYNRRT2rCI" title="Prezident qarori amalda! 30 yilda asfalt bo‘ldi!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov