"Prezident olimpiadasi": Yosh og‘ir atletikachilar yangi g‘alabalar sari intilmoqda
Mamlakatimizda mahoratli sportchilar uchun yaratilgan yangi sport tizimi – “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining ikkinchi bosqichi hisoblangan “Hokim olimpiadasi” musobaqalari joylarda uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Xususan, o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan og‘ir atletika bahslari tom ma’noda iste’dodlarni kashf etish maydoni vazifasini o‘tadi.

Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilgan “Xokim olimpiadasi”ning og‘ir atletika musobaqalari yosh sportchilar uchun kuchli raqobat va yorqin natijalarga boyligi bilan muxlisu mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Respublika bosqichiga yo‘llanmalarni taqdim etgan mazkur bosqichda umumiy hisobda 993 nafar istiqbolli sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi. 14 ta hudud kesimida ishtirokchilar soni bo‘yicha Toshkent viloyati yetakchilikka erishdi. Viloyatlardan jami 142 nafar sportchi musobaqalarda qatnashgan bo‘lsa, ularning 76 foizini sportchi yoshlar, 24 foizini esa qizlar tashkil etdi.

Har bir vazn toifasida o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, texnik mahorati va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyish etgan bahslarda faollik ko‘rsatkichi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi 121 nafar sportchi ishtiroki bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikka 118 nafar sportchi bilan Namangan viloyati yakun yasadi.
Oldinda yosh og‘ir atletikachilarni yanada mas’uliyatli va shiddatli, hayajonlarga boy bo‘lgan “Prezident olimpiadasi” kutmoqdaki, aynan ushbu final musobaqalari O‘zbekiston sportining yangi chempionlarini aniqlab berishi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA