Prezident nutqini tinglab: Inson huquqlari – oliy qadriyat
Har bir kishi tug‘ilganidan so‘ng, albatta, yaxshi hayot kechirgan holda voyaga yetishi va yashashi kerak. Butun umri davomida u barcha huquq va erkinliklardan bemalol foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lishi shart. Keyingi yillarda mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda izchil va puxta o‘ylangan, yuqori samarali siyosat olib borilmoqda.
Kuni kecha Shveysariyaning Jeneva shahrida tashkil etilgan va video-konferensiya shaklida o‘tkazilgan anjuman kun tartibiga aynan inson huquqlari bilan bog‘liq masala kiritilgani bejiz emas. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi va so‘zga chiqishi esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berayotganligining belgisidir. Zotan, yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asosiy maqsadi ham har bir jamiyatda oliy qadriyat hisoblanmish inson manfaatlari to‘la ro‘yobga chiqarilishiga qaratilgan. Busiz huquq va erkinliklardan foydalanish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Biz, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi xodimlari, bir guruh faollar davlatimiz rahbarining ushbu xalqaro anjumandagi nutqini diqqat bilan tingladik. Unda dunyo bo‘yicha mavjud muammolarga nisbatan munosabatlar o‘z aksini topdi.
Davlatimiz rahbari xalqaro anjumanning mo‘’tabar minbaridan aytgan quyidagi so‘zlari diqqatga sazovordir: “Insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi. 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi”. Albatta, bu fikrlarga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Chunki yurtimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya aynan shu maqsadni nazarda tutadi.
Yoki alohida ehtiyoji bor shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga nazar tashlaylik. Yaqinda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kiradi. Hozir ham imkoniyati cheklanganlarga imtiyozlar va imkoniyatlar berilmoqda. Masalan, shahar va qishloqlarimizda bunyod etilayotgan arzon uy-joylar ajratilishi, subsidiyalar bilan ta’minlash, to‘lovning dastlabki qismini davlat tomonidan qoplab berilishi fikrimizni tasdiqlaydi. Tez orada parlamentimiz Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qiladi.
Prezidentimiz o‘z nutqida inson huquqlari va erkinliklari naqadar keng tushuncha ekanligini, ularni to‘la ta’minlash uchun bundan keyin ham uzluksiz ish olib borilishini qayd etdi. Bu, nafaqat biz o‘zbekistonliklarga, balki jahon jamoatchiligiga ham ma’qul tushdi, deb o‘ylayman.
Isroil Jo‘rayev,
“Adolat” SDP Namangan viloyati Kengashi raisi,
xalq deputatlari Kosonsoy tuman Kengashi deputati