Prezident maktabiga press-tur tashkil etildi
Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni Nukus shahridagi Prezident maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Ishtirokchilar dastlab Prezident maktabida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari va ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish jarayoni yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar ijodkorligini rivojlantirish, qobiliyatli bolalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquqiy bilimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida Prezident maktablari faoliyati, maqsad va vazifalari belgilab berildi.
Prezident maktablariga o‘quvchilarni qabul qilish yuqoridagi qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Cambridge International Assessment tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalari asosida amalga oshiriladi.
2021-2022 o‘quv yili yakuniga ko‘ra, 15 nafar bitiruvchi maktabda tahsil olish bilan bir paytning o‘zida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, ijobiy natijalar oldi va jami 3 million 178 ming AQSH dollari miqdorida grant sohiblariga aylandi.
Bitiruvchi Ayzada Baymuratova joriy yilgi yozgi ta’tilda Oksford va Kembridj universitetlarida bilim olish uchun yozgi oromgoh granti g‘olibi bo‘ldi. Shu bilan birga jahon reytingida 41-o‘rinda turadigan Janubiy Koreyaning KAIST universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi.
Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Zulfiya Qtaybekova IELTS imtihonida 8,5 ballni qo‘lga kiritib, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi topshirilgan IELTS xalqaro imtihon natijalari rekordini yangiladi. Shu jumladan, Diplomacy Education yo‘nalishining final bosqichida g‘olib bo‘lib, Italiyaga 5 kunlik tashrif yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va Yevropaning bir qator davlatlariga sayohat qilish baxtiga muyassar bo‘ldi.
7-8-sinf o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan Al-Xorazmiy olimpiadasining O‘zbekiston Respublikasi bosqichida 8-sinf o‘quvchisi Javohir Sa’dullayev fizika fani bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy yil 1 sentyabrga qadar vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan ta’lim muassasalari negizida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilib, qabul jarayonlari boshlanadi. Ushbu qaror asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining 13 ta tumanida ixtisoslashtirilgan maktab, Nukus shahri va Qo‘ng‘irot tumanida ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etiladi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari va ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish jarayoni bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
[gallery-7473]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA