Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat filiali binosida Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi “Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga o‘quvchilarni saralab olish hamda qabul qilish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Prezident maktabiga qabul qilish bo‘yicha birinchi bosqich imtihonlari o‘tkazildi.
2025–2026 o‘quv yili uchun my.gov.uz va ariza.piima.uz platformalari orqali onlayn tarzda hujjat topshirgan 1750 nafar o‘quvchi imtihonlarda ishtirok etdi. Ular matematika va ingliz tili fanlaridan test shaklida 1-bosqich imtihonini topshirdi. Har bir talabgor 30 ta savolni yechish uchun 60 daqiqa vaqtga ega bo‘ldi.

Imtihon savollari Kembrij universitetining “Cambridge Assessment International Education” brendi ostidagi imtihon kengashi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, testlar xalqaro mezonlar asosida tuzilgan. Ta’lim jarayonining xolisligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida o‘quvchilar testni ruchka emas, maxsus qalamda yozish orqali topshirdilar.

– Ko‘rib turganingizdek, test hujjatlari maxsus qoplarda keltirilib, xolislar ishtirokida ochilib, guruhlar uchun biriktirilgan mas’ullar tomonidan o‘quvchilarga tarqatildi. Javob varaqalari esa joyida muhrlanib, maxsus komissiyaga topshirildi, – deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha Sirdaryo viloyatidagi mas’ul xodimi Oybek Hakimov.

Imtihonning ikkinchi bosqichi joriy yilning 25 iyul kuni o‘tkaziladi. Unda birinchi bosqichni muvaffaqiyatli yakunlagan nomzodlar ishtirok etadi.

Bundan tashqari, joriy yilning 7 va 8 iyul kunlari Sirdaryo viloyatidagi 9 ta ixtisoslashtirilgan maktabga qabul bo‘yicha 1-bosqich imtihonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda 2745 nafar o‘quvchining ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, 9 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino va Al-Xorazmiy nomidagi tayanch maktablarga kirish imtihonlari tashkil etiladi va bu jarayonda 2796 nafar o‘quvchi qatnashishi rejalashtirilgan.

E’tiborga molik jihati shundaki, imtihonlar barcha zarur texnik sharoitlarga ega, katta sig‘imli va zamonaviy yopiq binolarda tashkil etilmoqda. Sovitish tizimlari faol ishlayotgan binolarda o‘quvchilarga qulay muhit yaratilgan. Shu bilan birga, ota-onalar uchun soya-salqin kutish joylari va yengil ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilgan. Imtihon jarayonlarini test2025.uz sayti orqali real vaqtda onlayn kuzatish imkoniyati ham yaratilgan.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri