Navoiy shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat hududiy bo‘limida Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi doirasida test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Unda birinchi bosqich sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan 480 nafar o‘quvchining 477 nafari ishtirok etdi.


– Majmuada imtihonning shaffof va adolatli o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilgan, – deydi Navoiy shahridagi Prezident maktabi direktori Alisher Axmuratov. – O‘quvchilar to‘liq Face ID tekshiruvidan o‘tkazilib, test jarayonlariga kiritildi. Test hujjatlari imtihon boshlanish jarayonidan oldinroq maxsus qoplarda keltirilib, xolislar ishtirokida ochilgan holda guruhlar uchun biriktirilgan mas’ullar tomonidan o‘quvchilarga tarqatildi. O‘quvchilarga matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 90 daqiqa, ingliz tili fanidan grammatika va matn bilan ishlash bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 40 daqiqa berildi.


Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqich natijalari imtihon o‘tkazilgan kundan boshlab 30 kun ichida “Cambridge” xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilinadi. 480 nafar o‘quvchining faqatgina 24 nafari Prezident maktabiga qabul qilinadi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri