Namangan viloyatining Davlatobod tumani “Yuksalish” massividagi Bilim va malakalarni baholash agentligi qoshidagi test sinovlari markazi, Namangan davlat texnika universiteti va uning qoshidagi akademik litsey, Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi binolarida Prezident maktabiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi boshlandi.
O‘ziga xos bilimlar sinovida umumta’lim maktablarining 4-sinfini tamomlagan 4 ming 713 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda. Tanlov darajasi shunchalik yuqori bo‘lmoqdaki, bir o‘rin uchun 197 talabgor raqobatlashmoqda.
Ta’kidlash joiz, har to‘rttala ob’ektda imtihonlarga puxta hozirlik ko‘rildi. Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lishsa, viloyatdagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari muallimlari imtihonlarga kuzatuvchi sifatida biriktirilgan. Qolaversa, imtihon joylarida o‘quvchilarning ota-onalari va yaqinlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
– Iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida agentligimiz tizimida 14 ta Prezident maktabi hamda 200 dan ortiq ixtisoslashtirilgan maktablar va sakkizta ijod maktablari tashkil etildi, – deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi bo‘lim boshlig‘i Oybek Usmonov. – Shu yilning 20 iyuliga qadar davom etadigan ayni sinov jarayonlarida respublikamiz bo‘yicha 230 mingdan ortiq nomzodlardan ushbu maktablarga o‘qish uchun arizalar kelib tushdi. Ularning 23 mingga yaqini namanganlik yosh talabgorlarni tashkil etadi. Imtihon jarayonlarini shaffof tarzda o‘tishi maxsus ishchi guruhlari tomonidan doimiy tarzda nazorat qilib borilmoqda.
Prezident maktabi o‘quvchisi bo‘lish istagidagi nomzodlar uchun imtihon savollari dunyoga mashhur Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti “Cambridge assessment international education” brendi ostida faoliyat yurituvchi imtihon kengashi tomonidan tayyorlangan. Ilk bosqichda da’vogarlar belgilangan 60 daqiqa davomida matematika fani bo‘yicha 30 ta topshiriqdan iborat test savolini ishladi. Dastlabki sinovdan o‘tgan 480 nafar talabgor keyingi bosqichda axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha mantiq elementlari bo‘lgan matematika faniga oid 40 ta masala, ingliz tilidan esa 40 ta test savoliga javob topishi lozim.
Imtihon jarayonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutaxassislari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda respublikamizda birinchilardan bo‘lib tashkil topgan Namangandagi Prezident maktabini tamomlaydigan bitiruvchilarning barchasi davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 iyulidagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda davlat granti asosida qabul qilinadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.