Kuni kecha Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi sport saroyida viloyatdagi Prezident maktabiga 2024-2025 o‘quv yili uchun qabul imtihonlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi “Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga o‘quvchilarni saralab olish hamda qabul qilish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasi majlisi bayoni asosida agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar qabuli yakunlanmoqda.
Kirish test imtihonlari jarayoni davomida jamoat tartibini saqlash maqsadida Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari va boshqa mutasaddi xodimlar hamkorlikda faoliyat yuritdi. Prezident maktabiga nomzod bolajonlar imtihon topshirish jarayonida hech qanday muammolarga duch kelmadi.
Bu yil Prezident maktabiga kirish uchun imtihonlarga Jizzax viloyatidan birinchi bosqichda umumta’lim maktablarining 4-sinfini tamomlagan 3 ming 800 talabgor qatnashgan bo‘lsa, ularning 400 nafari hal qiluvchi navbatdagi bosqichda bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Jizzaxdagi Prezident maktabiga qabul adolatli, shaffof tarzda o‘tdi. Nomzodlar belgilangan vaqt mobaynida test topshiriqlarini bajarib, eng yuqori bal to‘plagan 24 nafar jizzaxlik o‘g‘il-qizlar yangi 2024-2025 o‘quv yilini Prezident maktabining 5-sinfida davom ettirish baxtiga muyassar bo‘ladi.
[gallery-18470]
Shuningdek, ushbu bosqichda eng yuqori bal to‘plagan 370 nafardan ortiq o‘quvchi ijod maktabiga, Al Xorazmiy nomidagi, Ibn Sino nomidagi, shahar va tumanlardagi ixtisoslashgan hamda tayanch maktablarida o‘qishni yashash hududlaridan kelib chiqqan holda tanlash huquqiga ega bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.