Prezident Islom Karimovning Termiz shahriga Amir Temur ordenini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar!
Avvalo, bugun siz, aziz Surxon vohasi vakillari bilan diydor ko‘rishib, barchangizni sog‘-salomat, bardam-baquvvat ko‘rib turganimdan xursand bo‘lganimni bildirib, sizlarga, sizlar orqali butun viloyat ahliga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromim, ezgu tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.
Sizlar bilan qachon uchrashmaylik, Surxondaryoning bugungi hayoti, aholining hol-ahvoli, kayfiyati, erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish, viloyatning kelajagi haqidagi fikr-mulohazalar uchrashuvlarning asosiy mavzusini tashkil etishi hammamizga ma’lum.
Bunday muloqotlarning ma’no-mazmuni, avvalambor, viloyatni yanada rivojlantirish, uning noyob yer osti va yer usti boyliklaridan oqilona va samarali foydalanish, shu yurtda yashayotgan 3 millionga yaqin aholining talab va ehtiyojlarini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini oshirish bilan uzviy bog‘liq ekanini ham barchamiz yaxshi anglaymiz.
Surxondaryo deganda, insoniyat sivilizatsiyasining beshiklaridan biri, buyuk tarix va boy merosga ega bo‘lgan qadimiy va betakror o‘lka ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Afsuski, dunyoga qanday tengsiz madaniyat durdonalarini, ne-ne mumtoz zotlarni bergan bu zamin mustabid tuzum davrida sobiq Markazning bepisand siyosati, “Sizlarga bo‘laveradi” degan qarashi tufayli uzoq yillar davomida rivojlanishdan ortda qolib kelgani hech kimga sir emas.
Faqatgina mustaqillikka erishganimizdan keyin mamlakatimizning barcha hududlari qatori Surxondaryo ham o‘tgan qisqa davrda juda katta, aytish mumkinki, ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Bu haqda gapirganda, so‘nggi yillarda bu yerda o‘nlab zamonaviy korxonalar, magistral yo‘l va ko‘priklar, savdo va maishiy xizmat obyektlari, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, yangi turar-joylar, maydon va xiyobonlar barpo etilganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Bugungi kunda nafaqat viloyat markazi Termiz shahri, balki Denov bo‘ladimi, Sherobod, Muzrabot bo‘ladimi, boshqa tuman markazlari va qishloqlar bo‘ladimi, barchasining qiyofasi tubdan o‘zgarib, har tomonlama obod bo‘lib borayotgani hammamizga, avvalo, shu zaminda yashayotgan odamlarga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga katta g‘urur va ishonch bag‘ishlamoqda.
Asriy tog‘u toshlar, dashtu biyobonlar bag‘rida 223 kilometrlik Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining barpo etilgani faqat Surxon vohasi emas, butun mamlakatimiz hayotida, hech shubhasiz, ulkan, tarixiy bir voqea bo‘ldi, desak, o‘ylaymanki, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
O‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan quruvchilarimiz, jumladan, surxondaryolik bunyodkorlarning mahorati bilan dengiz sathidan 1500 metr balandlikda o‘nlab ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar kabi o‘ta murakkab injenerlik inshootlarini barpo etishga, katta mablag‘, kuch va imkoniyatni, yuksak bilim va tajribani talab qiladigan shunday yirik va noyob loyihani amalga oshirishga erishganimiz har qanday odamni ham qoyil qoldirishi muqarrar.
Og‘ir iqlim sharoitiga qaramasdan, Surxon vohasi dehqon va fermerlarining keyingi yillarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari barchamizni quvontiradi.
Bu haqda gapirganda, bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosining 10 foizi, g‘allaning qariyb 8 foizi mana shu saxovatli zamin hissasiga to‘g‘ri kelishini alohida ta’kidlash lozim. Viloyatda joriy yilda 335 ming tonnadan ziyod paxta, 477 ming tonna g‘alla yetishtirilgani, so‘zsiz, mashaqqatli va mardona mehnat natijasidir.
Fursatdan foydalanib, viloyatning mirishkor dehqon va fermerlariga, barcha qishloq xo‘jaligi xodimlariga fidokorona mehnatlari uchun o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Biz uchun eng muhim, eng ustuvor vazifa bo‘lmish sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lida Surxondaryoda ham o‘nlab yangi-yangi maktablar, litsey va kollejlar, san’at va sport maskanlarini, ayniqsa, Termiz davlat universitetining zamonaviy, muhtasham binosi kabi ulkan inshootlarni bunyod etganimiz nafaqat viloyat qiyofasini, ayni vaqtda, odamlarimiz, farzandlarimizning ongu tafakkurini, butun hayotimizni tubdan o‘zgartirishga xizmat qilayotgani haqida har qancha to‘lqinlanib gapirsak, arziydi, albatta.
Shular qatorida Surxon vohasining qadimiy va betakror madaniyati, urf-odat va an’analarini, nufuzli YuNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan yuksak e’tirof etilgan nomoddiy merosning noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha qilgan ishlarimiz haqida ham ko‘p gapirish mumkin.
Bu borada O‘rta Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan Termiz davlat arxeologiya muzeyini bunyod etganimiz, “Alpomish” dostonining 1000-yillik to‘yini, Termiz shahrining 2500-yillik yubileyini qanday baland ruh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazganimiz barchamizga mamnuniyat yetkazadi.
Termiz shahrida 2011-yili eng zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan muhtasham “Surxon” sport majmuasini vohaning o‘ziga xos tabiiy va iqlim sharoitini hisobga olib barpo etganimiz shu yurtda ulg‘ayib, uni jonidan aziz ko‘radigan, jismoniy va ma’naviy kamolotga intilib yashayotgan ming-minglab yoshlarimiz uchun ahamiyati va mohiyatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan katta voqea bo‘lganini hech kim inkor etolmaydi.
Bugungi kunda bu yerda “Barkamol avlod” sport o‘yinlari, kurash bo‘yicha jahon chempionati kabi yirik va nufuzli bellashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, bu noyob majmua qanchadan-qancha yosh sportchilarimiz uchun parvoz maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
Men ilgari ham aytgan bir fikrni yana takrorlashni joiz deb bilaman: nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqamizda ma’lumu mashhur bo‘lgan “Alpomish”dek qahramonlik dostonining aynan Surxon zaminida yaratilgani aslo tasodif emas.
Agar mendan, eng kuchli, eng baquvvat polvonlar qayerda yashaydi, deb so‘rasa, hech ikkilanmasdan, avvalo Surxondaryoda, deb aytgan bo‘lardim.
O‘zbek kurashining vatani, makoni ham aslida Surxon vohasidir. Hammamiz yaxshi bilamizki, mana shu kurash bellashuvlarida “halol” degan so‘z eng oliy baho sifatida yangraydi. Shaxsan menga bu ibora bamisoli butun xalqimizga, jumladan, Surxon eliga mansub eng ulug‘ fazilatni ifoda etayotgandek bo‘lib tuyuladi.
Aziz do‘stlar, chindan ham Surxon elining lafzi halol, mehnati halol ekanini tarixda ham, bugungi kunda ham ko‘p-ko‘p misollar yaqqol tasdiqlaydi. Bunday mard insonlarning tabiatida sira g‘irromlik bo‘lmagan, chala ish bo‘lmagan.
Umuman aytganda, Surxon zaminida voyaga yetgan, uning g‘urur va iftixorini ulug‘lab, bu yurtni butun dunyoga tanitib kelayotgan, Yaratganimiz ato etgan kuch-quvvati, iste’dodi va mahorati bilan uzoq va yaqin mamlakatlarda shuhrat qozongan sportchi o‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Shular qatorida Abdulla Tangriyev, Davlat Choriyev, Sanjar To‘xtashev, Go‘zal Egamova, Suhrob Tursunov, Barno Mirzayeva, Yahyo Imomov, Ra’no Abduhalimova, Shohista Safarova kabi o‘nlab azmu shijoatli yoshlarimiz bugungi kunda o‘zbek sportining, o‘zbek xalqining dovrug‘ini butun dunyoga taratayotgani barchamizni xursand qiladi.
“Alpomish” dostonining qutlug‘ to‘yida men Surxon vohasining kuragi yerga tegmagan pahlavonlariga chin qalbdan hurmatimni bildirib, mashhur Toshtemir polvonni bag‘rimga bosib, dast ko‘targanimni hozir ham katta zavq bilan eslab yuraman.
Bularni barchasining zamirida faqat bitta narsa, ya’ni samimiylik, bir-birimizni yaqin ko‘rish, bir-birimizga hurmat va ehtirom mujassam, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Keyingi yillarda Surxondaryoda, uning markazi Termiz shahrida katta hajmdagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilayotgani, avvalo, zahmatkash Surxon ahlining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida yangi-yangi uy-joylar, infratuzilma obyektlari barpo etilayotgani natijasida shaharning qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib borayotganini barchamiz mamnuniyat bilan e’tirof etamiz.
Buni so‘nggi paytda viloyatda namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda 3 ming 772 ta shinam uy-joylar qurilgani, birgina Termiz shahrida mahalliy sharoitga har tomonlama mos bo‘lgan, 1 ming 41 ta kvartiradan iborat 36 ta zamonaviy ko‘pqavatli uylar bunyod etilgani ham tasdiqlaydi.
Ayni vaqtda shaharni ko‘kalamzorlashtirish, noyob manzarali daraxtlarni tanlab ekish va parvarish qilish, yashil hududlarni ko‘paytirish hisobidan butun shahar yashil libosga burkanib, barchaning ko‘zini quvontiradigan, havasini tortadigan betakror qiyofa kasb etgani janubning jazirama quyoshi ostida yashaydigan odamlarga qanday qulaylik tug‘dirganini tasavvur qilish qiyin emas, deb o‘ylayman.
Aziz do‘stlar!
Surxon vohasining ko‘hna tarixi, ming yillar davomida shu zaminda yotgan va bugun o‘zbek olimlari bilan birga turli mamlakatlardan kelgan olimlarning arxeologik qazishmalari, ilmiy izlanishlari natijasida ochilayotgan va ilmu fan olamini hayratda qoldirayotgan noyob ashyolar, qadimiy madaniyat yodgorliklari bu tuproq o‘z bag‘rida hali qancha-qancha sirlarni saqlab kelayotganidan dalolat beradi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.
Misol uchun, eramizdan avvalgi I ming yillik o‘rtalarida Baqtriyaning birinchi podshosi Zoroastr Termiz shahriga asos solgan. Termiz dastlab Taramata deb atalgan.
Shaharning g‘oyat qulay geografik sharoiti, Sharqni G‘arb bilan bog‘laydigan savdo chorrahasida joylashgani uning tez sur’atlar bilan rivojlanishiga zamin yaratdi. Shu bois turli-turli bosqinchilar Termizni qo‘lga olish, unga egalik qilishga doimo intilib kelgan.
Eramizdan avvalgi 327-yilda Aleksandr Makedonskiy, ya’ni bizning tilimizda Iskandar Zulqarnay shaharni bosib olib, unga Aleksandriya nomini bergan. Termiz qal’asi miloddan avvalgi davrlarda Yunon-Baqtriya davlati, Kushonlar imperiyasi, miloddan keyingi V-VI asrlarda Eftalitlar, Sosoniylar hukmronligi ostida bo‘lgan. VIII asr boshida esa bu yerni arablar zabt etgan.
Termiz tarixi haqida so‘z yuritar ekanmiz, hech shubhasiz, bu shahar uning tarixiga yorqin sahifalar bitgan Amir Temur bobomizning muborak nomi bilan chambarchas bog‘lanib ketganini esga olishimiz tabiiydir.
Termiz shahri Sohibqiron bobomiz Turon zaminida barpo etgan buyuk va qudratli davlatning mustahkam qo‘rg‘oniga, saltanat tayanchiga aylangan.
Bugungi kunda bu yerda yashayotgan barcha-barcha insonlar Surxon tarixining ana shunday shonli sahifalarini g‘urur va iftixor bilan eslaydi.
Barchamiz uchun muqaddas bo‘lmish Termiz tuprog‘ida qanday ulug‘ alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar yashagani, ular Termiziy degan nom bilan islom dunyosida qanday yorqin iz qoldirganlari hammamizga yaxshi ma’lum.
Haqiqatan ham, bu tabarruk diyordan yetishib chiqqan buyuk alloma Hakim Termiziy, dunyodagi eng ishonchli oltita hadis to‘plamlaridan birini yaratgan mashhur muhaddis Abu Iso Termiziy, teran mazmunli asarlari bilan Sharqda nom qozongan Adib Sobir Termiziy, islom falsafasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan Abu Bakr Varroq Termiziy kabi mumtoz zotlar nainki xalqimiz, balki butun musulmon olamining faxru iftixori hisoblanadi.
Bu zaminning urush va bosqinlar tufayli necha bor vayron bo‘lib, kultepalar uzra necha bor qayta tiklangani haqida ham albatta ko‘p gapirish mumkin. Lekin barchamizga cheksiz iftixor yetkazadigan haqiqat shuki, bu yerni o‘ziga muqaddas makon deb bilgan jasur ajdodlarimiz yovlarga hech qachon bosh egmagan.
Buyuk tarixchi alloma Sharafiddin Ali Yazdiy mashhur "Zafarnoma" kitobida Termiz ahlining mo‘g‘ul bosqinchilariga matonat bilan, qahramonlarcha qarshilik ko‘rsatganini tasvirlar ekan, bu shaharni "Mardlar shahri" deb ataganida chuqur hayotiy haqiqat mujassamdir.
Mustaqillik yillarida Termiz har tomonlama obod bo‘lib, O‘zbekistonimizning eng go‘zal shaharlaridan biriga, yurtimizning janubiy sarhadlaridagi bosh istehkomiga, mustahkam darvozasiga aylandi.
Bugungi kunda Termiz shahri nafaqat Surxon vohasi, nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyo mintaqasining iqtisodiy, madaniy va kommunikatsiya markazlaridan biri desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Biz bugun qanday murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni, dunyoda notinchlik va qarama-qarshiliklar tobora kuchayib borayotganini hammangiz yaxshi bilasiz. Ayniqsa, bizning hududimizda, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikka eng katta xavf-xatar – bu Afg‘onistonda 35-yildan buyon davom etayotgan urush ekani hech kimga sir emas.
Biz Afg‘oniston xalqi bilan necha-necha asrlardan buyon yonma-yon qo‘shni bo‘lib, ahil va inoq yashaganmiz. Qiz berib, qiz olib, quda-andachilik qilib kelganmiz. Amudaryoning ikki tomonida turib bir-birimizning holimizdan doimo xabardor bo‘lib turganmiz. Shuning uchun ham, afg‘on fojiasini boshqalardan ham ko‘ra unga yaqin bo‘lgan bizning xalqimiz xayolidan, yuragidan mutlaqo boshqacha o‘tkazadi. “Qo‘shning tinch – sen tinch” degan naql albatta bejiz aytilmagan.
Men o‘zimning juda ko‘p chiqishlarimda, jumladan, nufuzli xalqaro minbarlardan turib, jahon hamjamiyati vakillariga murojaat qilib, afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal etishning imkoni yo‘q, deb ochiq aytganimni, o‘ylaymanki, sizlar yaxshi bilasiz.
Agar afg‘on xalqining o‘ziga qo‘yib bersa, shak-shubhasiz, bu urush hech qachon buncha uzoq davom etmasdi. Afg‘on xalqi – ko‘pni ko‘rgan xalq. Bu xalq ham biz kabi doimo tinchlik va omonlikni, oilasini tinch mehnat bilan boqishni, bolalarining baxtini ko‘rishni xohlaydi.
Shunday ekan, nima uchun shuncha vaqtdan buyon bu yerda urush bormoqda? Bunga sabab albatta ko‘p, lekin eng asosiy sabab – bu Afg‘onistonda urushni davom ettirish kimgadir kerak. Bu urushni davom ettirishga urinayotganlar, birinchi navbatda, afg‘on xalqining manfaatini emas, balki o‘z manfaatini ko‘zlaydi. Ming afsuski, dunyoda mana shunday siyosiy o‘yinlar to‘xtamayapti.
Afg‘on zaminida urushni davom ettirish tarafdori bo‘lgan kuchlar “Yiqilgan kurashga to‘ymas” degan maqolni hech qachon esidan chiqarmasligini istardim. Jafokash afg‘on yurtiga turli kuchlar keladi-ketadi, afg‘on xalqi esa abadiy qoladi. Bu xalqni zo‘ravonlik bilan bo‘ysundirib bo‘lmasligini XIX asrdan boshlab bugungi kungacha ba’zi yirik davlatlarning bu yerga qurol bilan kelib, oxir-oqibatda yengilib ketgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Taassufki, bugungi kunda faqat harbiy kuchga tayanib siyosat olib borayotganlar bu haqiqatni tushunmayapti.
Mana, yaqinda Afg‘onistonda Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Bu davlatning yangi rahbarlari ish boshladi. Lekin mamlakatdagi vaziyat ertaga qaysi tomonga o‘zgaradi, degan savol, afsuski, hamon ochiqligicha, mavhumligicha qolmoqda.
O‘z-o‘zidan ayonki, “AYSAF” deb nom olgan xalqaro tinchlikparvar kuchlarning bu jafokash zaminda davom etayotgan to‘qnashuvlarni bartaraf etishni oxiriga yetkazmasdan turib va qarama-qarshi kuchlarni murosaga keltirmasdan turib, Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi bu mintaqada tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga olib kelishi gumon, deb o‘ylayman.
Mana shunday murakkab bir vaziyatda O‘zbekistonning bu masala bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor eslatib o‘tishni zarur, deb hisoblayman.
Bu boradagi bizning yondashuvimiz, siyosatimiz aniq va ravshan: biz yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston davlatining ichki ishlariga aralashmaslik, afg‘on xalqi ishonch bildirib saylagan hukumat bilan o‘zaro hurmat va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, tinch-totuv bo‘lib yashashni o‘zimizga ma’qul deb bilamiz.
Tinchlik haqida, osoyishtalik haqida gapirganda, yurtimizdagi har qaysi odam avvalo o‘z ishonchini janubiy chegaralarimizda Vatanning sodiq posboni bo‘lib turgan Termiz ahliga, Surxon vohasining mardlariga qaratadi.
Chunki tarixning o‘zi Termiz shahriga, uning jasur xalqi zimmasiga yurtimiz tinchligi va ozodligi yo‘lida metindek mustahkam qo‘rg‘on bo‘lish kabi og‘ir va mas’uliyatli vazifani yuklagan. Va sizlarning barchangiz bu muqaddas vazifani bugungi tahlikali davrda ham sharaf bilan ado etib kelmoqdasiz, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.
Bunday yuksak ishonch so‘zlarini davom ettirib, shu tuproqda, shu zaminda xoklari yotgan ulug‘ ajdodlarimizning xotirasi oldida, mana shunday buyuk o‘tmishning vorislari bo‘lmish xalqimiz oldida bosh egib ta’zim qilishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Endi ruxsatingiz bilan menga yuklatilgan sharafli va quvonchli bir vazifani ado etishga o‘tsam.
Mustaqillik yillarida shahar ahlining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, xalqimizning tarixiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, yoshlarimizni ulug‘ ajdodlarimizga xos ezgu qadriyatlar, mardlik va jasorat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun berilgan Amir Temur ordenini katta mamnuniyat bilan Termiz shahriga topshirishga ijozat bergaysiz.
Muhtaram do‘stlar!
Termiz shahrining mana shunday yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lishida siz azizlarning, shu go‘zal yurtga farzandlik mehri va sadoqatini berib yashayotgan, o‘z taqdiri va kelajagini o‘z qo‘li, fidokorona mehnati bilan yaratayotgan ezgu niyatli, olijanob barcha insonlarning hissasi va xizmati beqiyosdir, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
Bugun nafaqat Termiz ahli uchun, aytish mumkinki, butun O‘zbekistonimiz uchun katta bayram. Qadimiy va navqiron Termiz shahri hayotidagi bu qutlug‘ kun, hech shubhasiz, unutilmas bir voqea bo‘lib tarixda qoladi va barchamizni yangi-yangi ufqlarga da’vat etadi.
Mamlakatimizning barcha navqiron yoshlari qatorida surxondaryolik o‘g‘il-qizlarimga – mening bolalarimga aytadigan da’vatim shuki, sizlar bugun Amir Temur ordeniga sazovor bo‘lgan shaharlar safiga qo‘shilgan Termizdek o‘tmishi buyuk, kelajagi sharafli shaharda, qanday noyob, Xudoning nazari tushgan muqaddas zaminda yashayotganingizni aslo unutmang, ota-bobolarimizning sha’nu shavkatiga doimo munosib bo‘ling.
Sizlarni yana bir bor bag‘rimga bosib, aziz farzandlarimiz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaydi, biz boshlagan buyuk ishlarni davom ettiradi, barcha sohalarda eng yuksak marralarni albatta zabt etadi, deb katta ishonch va g‘urur bilan aytmoqchiman.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Mana shu unutilmas lahzalarda sizlarni, butun Surxon ahlini davlatimizning yuksak mukofoti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va qut-baraka tilayman.
Yurtimizning faxru iftixori bo‘lmish Termiz shahri dunyo turguncha tursin!
Termizdek buyuk shaharlarni bunyod etgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!