“Elektroenergetika” kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Urishboy Yuldashevni bugun ko‘pchilik ilm-fan fidoyisi sifatida yaxshi taniydi. Uning muqobil energiya ishlab chiqarish bo‘yicha bildirgan taklifini Prezidentimiz qo‘llab-quvvatladi.
Urishboy Yuldashev 1969 yilda Samarqand davlat universitetining “Fizika” fakultetini tugatib, 1969-1978 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi institutining yadro spektroskopiya laboratoriyasida laborant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. 1974 yilda fizika-matematika fanlari nomzodi dissertatsiyasini himoya qildi. 1978 yildan buyon Jizzax politexnika institutida turli lavozimlarda ishlab kelmoqda. U “Elektroenergetika” kafedrasi mudiri sifatida ishlagan yillari kafedraning moddiy-texnik bazasi rivojlantirilib, ilmiy-o‘quv laboratoriya jihozlari olib kelindi va ishga tushirildi. ASKUE laboratoriyasi, quyosh batareyalari, shamol elektr generatori, Janubiy Koreyadan keltirilgan shamol-quyosh gibrid elektr energiya manbai, texnopark uchun elektr energiyasi ta’minoti qurilmalari shular jumlasidandir. Bu moddiy-texnik qurilmalar talabalarning zamon talabi asosida yetuk, malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishiga xizmat qilyapti.
Urishboy Yuldashev 1991 yilda qattiq jismlarni “Messbauyer spektroskopiyasi va turg‘un rentgen nurlari yordamida ishqoriy yer kristallarni tadqiq qilish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Mazkur spektroskopik qurilma mamlakatimizda yagona va eng zamonaviy tadqiqot vositasi bo‘lib, bu qurilma yordamida ishqoriy yer kristallarining strukturasini va xususiyatlarini tadqiq etishda dunyo ahamiyatiga molik ilmiy natijalar olinmoqda. Mazkur ilmiy natijalar asosida bugungi kungacha 4 nafar ilmiy izlanuvchi-tadqiqotchi nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Hozirgi paytda Urishboy Yuldashev rahbarligida 3 nafar ilmiy izlanuvchi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U.Yuldashev 1994 yilda professor unvonini olgan.
– Jizzax politexnika institutida 2000 yildan buyon muqobil energiya manbalarini o‘rganish, ularni ishlab chiqarish borasida ilmiy izlanish olib borayapmiz, – deydi professor Urishboy Yuldashev. – bugungi kunda xalqaro grant doirasida olib kelib o‘rnatilgan, qiymati 11 ming yevro bo‘lgan “EPH yetakchi quyosh laboratoriyasi”da o‘tkazayotgan tajriba sinovlarimiz muvaffaqiyatli amalga oshyapti. Soddaroq qilib aytganda, quyosh nurlarining quyosh panellariga kelib tushish yo‘nalishi, nurlarning panellariga aylanib o‘tishi natijasida elektr energiya aylanishi ustida samarali natijalarni qo‘lga kirityapmiz.
Yorug‘lik nuri ta’sirida quyosh panellarining sirti va ichida keskin o‘zgarishi quyosh panellarida hosil bo‘layotgan kuchlanishga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Bir kecha kunduzda 7 kv. kuchlanish beradigan 24 ta panelli laboratoriya jihozimiz mavjud. Unda ushbu holat bo‘yicha tajriba olib boramiz. Natijada olingan energiyadan institut binosi va hududini yoritishda foydalanilmoqda.
[gallery-10625]
Institutimizda elektroenergetika, elektrotexnika, elektromexanika, elektrotexnologiya, radiotexnika va elektron asbobsozlik yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ushbu loyihaning ishga tushirilishi talabalarimiz uchun tajriba va mahorat maktabi vazifasini ham o‘taydi.
Ustoz Urishboy Yuldashevning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbari qo‘llab-quvvatlagan loyihaga asosan yiliga 50 ming dona quyosh panellari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Agar ish 3 smenada tashkil etilsa, demak ishlab chiqarish quvvati yana ham ortadi. Shuningdek, quyosh panellari ishlab chiqariladigan binoga quyosh panellarini o‘rnatish ham nazarda tutilgan. Buning natijasida binoning yorug‘lik ta’minoti va ba’zi asbob-uskunalarni elektr quvvati bilan ta’minlashga erishiladi.
– Quyosh panelida yig‘ilgan kichik kuchlanishdagi quvvatni 220 voltga yetkazib beradigan inventor, konventerlar bor, – deydi Urishboy Yuldashev. – Kelgusida ehtiyot qismlarini olib kelish orqali mazkur turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish niyatimiz ham bor. Yuqorida aytilganidek, bu talabalarimiz uchun ulkan tajriba maydoni vazifasini bajaradi. Loyihaning afzalligi shundaki, dastlab ishlab chiqarish uskunalarini xorijdan keltiramiz, so‘ngra, bosqichma-bosqich mazkur texnologiyalar ham mahalliylashtirib boriladi. Hisob-kitoblarga qarasak, bugun bitta quyosh panelini chetdan olib kelish uchun 15 million so‘m atrofida mablag‘ sarflanadi. Biz ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan mahsulot tannarxi esa qariyb ikki barobar arzonga tushadi ya’ni 6-6 yarim million so‘m atrofida bo‘ladi. Demak, nafaqat mablag‘ tejaladi, balki katta miqdordagi summaning O‘zbekistonning o‘zida qolishi ta’minlanadi.
Shu o‘rinda, o‘rinli savol tug‘iladi, “Xo‘sh, natija qachon ko‘rinadi?”
Professorning ta’kidlashicha, bino qurilib, asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatilgach, faoliyat o‘rtacha 4 oyda boshlanadi. Ushbu loyiha ishga tushirilgach, ish vaqti 3 smenada tashkil etiladi. Har bir smenada 12 nafar xodim ishlasa, demak 36 ta yangi ish o‘rni yaratiladi degani. Bu ish o‘rinlariga, albatta talabalar jalb etiladi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatimizda sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda bazalt zaxirasi va undan issiqlik saqlovchi qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov. – Shuningdek, energetika ta’minotini yaxshilash masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi. Jizzax politexnika institutida ham muqobil energiya manbalaridan foydalanish keng joriy qilingan bo‘lib, bugungi kunda oliygohda Germaniya davlatidan olib kelingan 6,75 kilovattli quyosh elektr stansiyasi o‘rnatilgan. Oliygoh professor-o‘qituvchilari chet el davlatlarida bo‘lib, muqobil energiya manbalari bo‘yicha o‘z malakasini oshirib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish jozki, ayni paytda institutda 3 ta quyosh paneli va 2 ta shamol generatori o‘rnatilgan. Shuningdek, institut hududiga 1 dona 100 kVt.li quyosh fotoelektr (QFE) stansiyasi hamda talabalar turar joyiga 10 dona jami hajmi 2 ming litr bo‘lgan quyosh suv isitgichlari (QSI) o‘rnatildi. Ular ishlab chiqargan elektr energiyasi institut elektr ta’minotini yaxshilash hamda tejamkorlikni oshirishga samarali xizmat qilyapti.
Viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Jizzax politexnika instituti professori Urishboy Yuldashevning muqobil energiya ishlab chiqarish bo‘yicha bildirgan taklifini Prezidentimiz qo‘llab-quvvatlab, qancha mablag‘ kerak bo‘lsa ajratib berishini aytdi.
– Prezidentimizning bu ishonchi bizga ulkan mas’uliyat va katta vazifalarni yuklaydi, – deydi Urishboy Yuldashev. – Oliygoh professor-o‘qituvchilari, yosh olim va iqdorli talabalarimiz bilan ana shu topshiriq va vazifalar ijrosini ta’minlashga astoydil kirishganmiz.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA