Prezident granti – yoshlar uchun ulkan imkoniyat
Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor vazifasi hisoblanadi. Ana shunday strategik maqsadlarning eng muhim uzviy qismi bo‘lgan ilm-fan va ta’lim-tarbiya tizimi, jumladan, oliy ta’lim taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor masala sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari soni 141 tani tashkil etmoqda, jumladan, 26 ta nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Zero, 2016 yilda respublikamizda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tani tashkil qilgan edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o‘sishga erishildi.
Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining bayroqdori – flagmani sifatida respublikamiz va dunyo tajribasining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida mujassam etadigan, barcha institut va universitetlarimizga namunaviy model bo‘lib xizmat qiladigan – “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilib, 2021/2022 o‘quv yilida unga 300 nafar yoshlar o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.
So‘nggi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu bilan umumiy qamrov darajasi 28 foizga yetdi. 2016 yil bu ko‘rsatgich atigi 9 foizni tashkil qilar edi. Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar xotin-qizlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani minglab oilalarga quvonch olib kirgani shubhasiz.
Shuningdek, tizimda o‘qishning kunduzgi shakli bilan birga kechki va sirtqi bo‘limlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga 329 ta ta’lim yo‘nalishi va 582 ta magistratura mutaxassisligi kiritildi.
Jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining
235-bandida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident grantini joriy etish vazifasi belgilangan. Yoshlarni o‘z ustida muntazam ishlashga undash, ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirish hamda bilimli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mazkur band ijrosini ta’milash maqsadida 2021 yil 6 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilinishi belgilangan.
Shuningdek, qarorda Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning ta’lim sohalari bo‘yicha taqsimoti har yili o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi qayd qilingan. Bunda, abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan baliga qo‘shib berilgan ballar Prezident grantiga da’vogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi. Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “a’lo” baholarga o‘qigan, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan talabalar orasidan tanlov asosida aniqlanadi. G‘olib talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanadi va to‘lanadi. Agarda, o‘quv semestri yakuniga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmagan taqdirda, Prezident granti sohiblariga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya to‘lanmaydi.
Shuningdek, qarorda berilayotgan imtiyozlardan yana biri, o‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Muxtasar aytganda, Prezident grantining joriy qilinishi yoshlarni yanada ruhlantirish, bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun chinakam motivatsion kuch bo‘lib xizmat qiladi. Buning natijasida ular orasidan kelajakda yurtimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shadigan, bilimdon va zukko, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida kamarbasta bo‘luvchi yosh mutaxassis kadrlar yetishib chiqishi uchun zamin yaratiladi.
Anvarjon Mirkamilov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.