Prezident farmoni mazmuni talaba-qizlarga tushuntirildi
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Farovon oila” loyihasi doirasida “Oilada huquqiy madaniyatni oshirish – zo‘ravonlikning oldini olishning muhim omili” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda shu yil 3-mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmuni va unda belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ushbu farmonda o‘z aksini topgan vazifalar muhim ahamiyat kasb etadi.
– Mazkur farmonda homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorova. – Jumladan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi. Talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Bu imkoniyatlar talabalarga, ayniqsa, qizlarimizga yanada keng sharoit yaratadi. Yig‘ilishda shu kabi masalalar haqida batafsil tushunchalar berdik.
Shuningdek, davra suhbati davomida talaba-qizlarning mustaqil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga oid qator savollariga javob berilib, tegishli maslahat va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
M.Komilova, O‘zA