Prezident farmoni ijrosi nazoratda: kamchiliklar bartaraf etilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy vakili hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi o‘rganildi.
– O‘rganish davomida mahalliy hokimliklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi, Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi hamda ularning ayrim shahar va tuman bo‘limlari tomonidan jami 36 nafar “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklangan xodimga 70 million 763 ming 764 so‘m ustama puli to‘lanmaganligi aniqlandi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Yesengeldi Utepov.
– Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Davlat kadastr palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Statistika, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari tomonidan tegishli xodimlarga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash farmonda belgilangan muddatdan 5-8 oy o‘tib amalga oshirilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida farmonda belgilangan talablar o‘rganish kunigacha ijrosi ta’minlanmaganligi ya’ni, tegishli xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklatilmaganligi aniqlandi.
Shu bilan bir qatorda, farmonda “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga yuklash nazarda tutilgan bo‘lsada, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan vazirlikning tegishli buyrug‘iga asosan “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi murabbiy-o‘qituvchisiga yuklatilganligi aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish maqsadida vazirlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 10 ta taqdimnoma, amaldagi mehnat qonunchiligi talablarini buzgan lavozimli shaxslarni ma’muriy javobgorlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shahar va tuman bo‘limlari markazlariga jami 31 ta ma’muriy taklif, tegishli sudlarga 65 million 742 ming 452 so‘mlik 34 ta da’vo ariza kiritildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA