“Prezident e’tibori menga katta kuch bag‘ishladi”
20 dekabr kuni Prezident raisligida tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda 20 mingdan ortiq yosh IT bilan mustaqil shug‘ullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotayotganini aytib o‘tdi. Farg‘onalik yosh dasturchi Brayl alifbosini tarjima qiladigan dastur yaratib, AQSH, Meksika va Braziliyaga 150 ming dollarga sotganligini alohida ta’kidladi.

Bu yosh dasturchi kim ekanligiga hamma qiziqayotgani tabiiy. IT sohasida yaxshi natijalarga erishayotgan bu yigit Farg‘ona shahrilik 22 yoshli Muhammadqodir Abduvoitovdir. Otasi Erkinjon Alimov qurilish sohasida ishlaydi, onasi Zulfiyaxon maktabda informatika fani o‘qituvchisi. Axborot texnologiyalariga qiziqishi onasidan o‘tgan. Shahardagi 40-maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq kompyuterdagi dasturlarni, xususan, fotoshopda ishlashni o‘rgandi. Informatika fanidan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida ishtirok etib, sohaga ishtiyoqi yanada oshdi. “Yurt kelajagi” ko‘rik-tanlovida “O‘zbek tilida dasturlash” yo‘nalishida qatnashib, respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Ilk marotaba maktabda ustozlar uchun sayt yaratdi. IT sohasiga bo‘lgan qiziqishi uni Rossiyadagi Shimoliy Kavkaz federal universiteti tomon yetakladi. Bu yerda aynan shu yo‘nalishdagi fakultetda tahsil oldi. Ko‘plab platformalar yaratib, yaxshi daromad topa boshladi.Talabalar uchun “eCampus” deb nomlangan mobil dastur ishlab chiqdi. Unda o‘quv jarayoni, talabalarning o‘zlashtirishi haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan. Bu dasturdan bugungi kunda universitetdagi barcha talabalar foydalanib kelmoqda.
Ayni kunlarda Muhammadqodir Farg‘ona shahrida “Focus group” kompaniyasini ochib, vebsayt va mobil ilovalar ishlab chiqarmoqda. Oyiga o‘rtacha 10 ming AQSH dollari miqdorida daromad topmoqda.
–Prezidentimizning e’tibori menga katta kuch bag‘ishladi, –deydi u.–O‘zbekistonda raqamlashtirish jadal sur’atda davom etyapti. Albatta, bu yaxshi. Kelajagimiz IT sohasida ekanligini barcha his qilib turibdi. O‘zim yaratgan “Braille Recognition” innovatsion mobil ilovasi haqida aytadigan bo‘lsam, u ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslarning qarindoshlari, o‘qituvchilari, shuningdek, Brayl alifbosi bilan ishlovchi har bir kishi uchun mo‘ljallangan. Ilova telefon kamerasi bilan olingan tasvirlardagi Brayl harflarini tanib olish va ularni avtomatik ravishda oddiy matnga tarjima qilish imkonini beradi.
Foydalanuvchilar tarjima qilingan matnni telefon ekranida olishi yoki ovoz sintezatori yordamida tinglashi mumkin. Ilova turli xil operatsion tizimlarga ega smartfon va planshetlarga o‘rnatish uchun mavjud.
U ko‘zi ojiz bolalarning ota-onalari uchun uy vazifalarini bajarishda va ularning o‘quv jarayonini qo‘llab-quvvatlashda ajralmas vositadir. Ilova tiflopedagoglar, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar va kattalarni o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun ham juda foydali. Brayl alifbosida taqdim etilgan uy vazifalari va testlarni tekshirish uchun qulay. Endi ilova yordamida Brayl yozuvini bilmaydigan o‘qituvchilar ham ko‘zi ojiz bolalarga dars o‘tishi mumkin. Bu esa ko‘zi ojiz insonlar uchun ta’limni yanada osonlashtiradi. Ilova ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi odamlar boshqalar bilan teng ravishda jamiyatda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yanada inklyuziv muhitni targ‘ib qiladi.
Hozirgi kunda “Braille Recognition” mobil ilovasidan butun dunyo bo‘yicha 12 mingdan ortiq odam faol foydalanib kelmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri