“Prezident archasi” – bolalarning haqiqiy bayrami
“Prezident archasi” tantanalari har yili baland ruhda bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi bayram avvalgi yillarga mutlaqo o‘xshamagan tarzda, xalqona, yorqin, taassurotlarga boy tarzda, juda samimiy o‘tkazildi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyiga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, imkoniyati cheklangan bolajonlar taklif etildi.
Mazkur tadbir yurtimiz kelajagi bo‘lgan bolalar uchun alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikni ifoda etadi. Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi ostida olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar, ayniqsa, bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli dasturlar buning yorqin misolidir.
Bayram dasturi bolajonlar uchun teatr tomoshalari, interfaol o‘yinlar, sirk artistlarining qiziqarli chiqishlari hamda mashhur estrada xonandalari qo‘shiqlariga boy bo‘ldi.
Mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularga sifatli ta’lim-tarbiya berish hamda ijtimoiy himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “Prezident covg‘asi” ijtimoiy dasturi doirasida ko‘ngli yarim bolalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Shu bilan birga, “Prezident sovg‘asi” dasturi doirasida ham respublika bo‘ylab jami 10 ming 282 nafar Mehribonlik va Muruvvat uylari o‘g‘il-qizlari, “SOS – bolalar mahallalari”, Go‘daklar uyi, Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari uchun 12 nomdagi o‘quv qurollari va 15 nomdagi shirinliklardan iborat bo‘lgan Prezident sovg‘alari tayyorlandi.
[gallery-20996]
“Prezident archasi” va “Prezident sovg‘asi” dasturlari respublikaning boshqa hududlarida ham davom ettirilib, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash bolalarning kelajakda jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
... “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida qo‘shiqlar, quvnoq o‘yinlar avjida. Beg‘ubor bolalikni yodga soluvchi ushbu lahzalarda barchaning ko‘ngli shodlikka to‘lgan.
– Bu yilgi bayramning o‘ziga xos yo‘nalishda tashkil etilgani bolalarga manzur bo‘lmoqda, – dedi poytaxtimizdagi 22-Mehribonlik uyi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xursanoy Xolova. – Saroy foyesi ko‘plab burchaklarga bo‘lingan bo‘lib, ularda bolalar uchun ajoyib o‘yinlar, viktorinalar tashkil etilgani e’tiborga molik.
– “Prezident archasi” tantanalarida qatnashishni har bir bola orzu qiladi, – dedi Toshkent shahridagi 30-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Javohir Danilov. – Biz bu bayramda yurtimizning mashhur insonlari, san’atkorlar, sport yulduzlari bilan ko‘rishish, ular bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.
– Tarbiya maskanimiz katta bir oilaga o‘xshaydi, – dedi 30-Mehribonlik uyi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Faniliya Gabbasova. – Bolalar ushbu bayramga katta tayyorgarlik ko‘rdilar, bayramona kiyimlar tayyorlashdi. She’r va qo‘shiqlar o‘rganishdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bolajonlarga mehr va e’tiborini o‘g‘il-qizlarimiz nainki ushbu tantanalarda, balki har kuni, har lahzada his etmoqda.
– Bunday tantanali tadbirda bolalar bilan uchrashish, suhbatlashish orqali ularning qalbiga quvonch ulashishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, – dedi og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Nuriddinov. – Bolajonlarga nafimiz tekkanidan juda mamnun va baxtiyormiz.
Muhtasham saroyning ulkan zalida yuzlab turfa chiroqlar porlaydi. “Ayoz bobo” teatrlashtirilgan ertagi zamonaviy talqinda namoyish etildi. Ushbu musiqali tomosha bolalarni qiyinchiliklarni munosib tarzda yengib o‘tish, sportda faol bo‘lishga chorlashi bilan kichkintoylarga juda manzur bo‘ldi.
Tadbir yakunida «Inson» markazlari orqali bolajonlarga sovg‘alar tarqatilib, ularga bayramona kayfiyat ulashildi. Bu kabi bayram tomoshalari mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. Ular tibbiy, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, barcha bolalarga bir dunyo quvonch, zavq bag‘ishlamoqda.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA