“Prezident archasi” bolajonlarga quvonch ulashdi
Yangi yil barchamiz, ayniqsa, kichkintoylar orziqib kutadigan, olam-olam taassurotlar oladigan sevimli bayram. Xalqimizga xos bolajonlik, yuksak insonparvarlik, mehru oqibat ifodasi sifatida hududlarda an’naviy ravishda topshirib kelinayotgan Prezident sovg‘alari ertamiz egalariga bir olam shodlik ulashmoqda.
Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da yuksak ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilgan “Prezident archasi” bayram tantanasi bolajonlar uchun unutilmas onlarni tuhfa etdi.
Bayram tadbiriga oilaviy bolalar uylari, ota-ona qarovisiz qolgan chin yetim bolalar, Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning dilbandlari taklif etildi.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan muborakbod etib, ezgu tilaklarini bildirdi. Davlat va jamoatchilik vakillari ishtirokida 3-15 yoshli 184 nafar o‘g‘il-qizning har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, shu kunning o‘zida ixtisoslashtirilgan “Bolalar uyi”ning 28 nafar tarbiyalanuvchisiga ham “Prezident sovg‘asi” yetkazildi. Bundan tashqari, oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan 13 nafar o‘g‘il-qizga zamonaviy planshetlar tuhfa qilindi.
[gallery-5299]
– Ichki ishlar idoralarida qariyb 20 yildan buyon xizmat qilib kelgan turmush o‘rtog‘im Ne’matjon Xanafiyev bundan ikki yil avvval o‘z xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘ldi, – deydi Namangan shahridagi Kurashxona mahallasida yashovchi Gulchehra Xanafiyeva. – Uch farzandimni yolg‘iz boshim bilan o‘stiryapman. Davlatimiz bizdek oilalarni aslo e’tibordan chetda qoldirmay, doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotganidan xursandman. O‘g‘illarim bilan birga “Prezident archasi”ga taklif etishganidan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Prezidentimizning o‘quv qurollari, turfa shirinliklar va kitoblardan iborat Yangi yil sovg‘alari farzandlarimizni chuqur ilm olib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga undaydi.
Viloyat musiqali drama teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Yangi yil orzusi” nomli ertak-spektakli tomoshalari va bolalar raqs guruhlarining betakror chiqishlari ishtirokchilarni zavqli onlarga oshno etdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tACi0HVdx9c" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA