Press-tur: Atom muzeyi bilan tanishuv (+video)
Joriy yilning 11-12 avgust kunlari bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Rossiya Federatsiyasidagi «ZiO-Podolsk» mashinasozlik zavodi faoliyati bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi. «Rosatom» davlat korporatsiyasi va «O‘zatom» agentligi hamkorligida uyushtirilgan ushbu press-turning ilk tadbiri Moskva shahridagi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasida Atom muzeyi bilan tanishuvdan boshlandi.
Qayd etish kerakki, 25 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan ushbu muzeyda 1 ming 700 dan ortiq eksponat namoyish etiladi. Muzeyning yerto‘la qismida atom tarmog‘i tarixi, birinchi qavatda zamonaviy yadro sanoati, uchinchi qavat – kelajak, ya’ni atomarium va laboratoriya joylashgan. Bu yerda bolalar va yoshlar uchun interaktiv o‘yinlar tashkil etilgan hamda ilmiy texnologiyalar yordamida kimyo va fizikani o‘rganish uchun sharoitlar yaratilgan. Atom muzeyi xodimi Artyom Kazinovning ta’kidlashicha, bu yerda atom yo‘nalishi tarixi va ravnaqi eksponatlarda aks etgan.
– Yadro sanoati, yadro texnologiyalari va ushbu sohaning bugungi kundagi rivoji haqida so‘zlab berish bizning asosiy vazifamiz hisoblanadi. Shunga qaramay, aksariyat odamlar ushbu texnologiyalar haqida gapirganda, ular birinchi navbatda buni atom elektr stansiyalari, deb tushunishadi. Ammo biz yadro sanoatini ko‘p qirrali ekanligini aytamiz. Bu yadroviy tibbiyot texnologiyasi, toza suv olish uchun dengiz suvini tuzsizlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ilmiy tadqiq qilish kabi sohalar bilan ham bog‘liqdir. Ta’kidlash kerakki, Atom muzeyi ushbu ko‘rgazma majmuasidagi keng qamrovli ekspozitsiyani jamlagani bilan ajralib turadi. Shuningdek, uni MDH mamlakatlari orasida atom tarixi haqida batafsil ma’lumotlar oladigan yagona manzil deyish mumkin. Shu sababli, muzey hamisha tomoshabinlar bilan gavjum. Bu yerga har kuni minglab tomoshabinlarning tashrif buyurishi uning nufuzini yanada yaqqol namoyon etmoqda, – dedi A.Kazinov.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu yerga qo‘yilgan har bir ekspozitsiya atom tarixini namoyon etadi. Shu bois, ularning mohiyatini yaxshiroq anglash uchun bu yerga bir marotaba emas, aksincha, bir necha bor kelgan afzal.
– Atom muzeyiga kelishni anchadan buyon niyat qilgan edik. Sankt-Peterburgdan nevaralarim mehmon bo‘lib keldi va biz oilaviy bu yerga keldik. Eksponatlar chindan tomoshabinlar e’tiborni tortadi, biroq sohaga doir ma’lumotlarni tushunish oson emas. Reaktorlarni tomosha qilish, umuman, atom energetikasi nima uchun zarurligi bolalarga juda qiziqarlidir. Ekspozitsiya bizga manzur bo‘ldi, – dedi moskvalik fuqaro Svetlana Objerina.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/e8dZPxMJoGk" title="Press-tur: Atom muzeyi bilan tanishuv" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov, O‘zA
Rossiya Federatsiyasi, Moskva shahri.