Dunyodagi og‘ir vaziyatga qaramasdan Prezidentimizning qat’iy siyosiy iroda bilan ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosat yuritishi O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylandi.
Bu Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi.
Senatorlar, mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari, soha mutaxassislari va ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda Tashqi ishlar vazirligining 2024 yildagi faoliyati haqidagi hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yilda vazirlik eski qoliplardan voz kechib, zamon talabiga va Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga mos ravishda ish olib borishga katta e’tibor qaratdi.

Konseptual jihatdan tizimni isloh qilish uchun sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan ma’muriy islohotlar doirasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan mintaqa davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlari faol davom ettirildi.
Bundan tashqari, uzoq va yaqin xorijdagi davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarining yangi kuchaytirilgan tizimi shakllantirilib, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi.
Shuningdek, parlament diplomatiyasi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarining muhim omili ekani qayd etildi. Keyingi yillarda mamlakatimiz parlamentining xalqaro aloqalari jug‘rofiyasi sezilarli darajada kengaygani, xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro parlamentlararo tuzilmalar bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Majlis davomida ishtirokchilar o‘zaro faol fikr almashdi. Shu o‘rinda, senatorlar va majlis ishtirokchilari Tashqi ishlar vazirligi faoliyatidagi ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, bu borada vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni bildirdi.
***
Mazkur qo‘mitada “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006 yil 12 yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun ham atroflicha muhokama qilindi.
Qonun a’zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024 yil 18 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, tomonlar mahkumlarni topshirish masalalarida maksimal darajada hamkorlik qilishi belgilangan.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA