Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev italiyalik mashhur prodyuser, Festi Group kompaniyasi rahbari Valerio Festi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, poytaxtimizning qadimiy 12 ta darvozasini tiklash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
O‘zaro muloqot davomida Toshkentda yurtimiz tarixi, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi hamda xalqimizga xos urf-odat va qadriyatlar mujassam etilgan, mamlakatimiz mehmonlariga milliyligimizni targ‘ib etuvchi festivallarni tashkil etish, shahrimizning turli hududlariga o‘sha joyning tarixidan kelib chiqqan holda rangli va chiroqli installyatsiyalarni joylashtirish, poytaxtimizni sayyohlarga yanada maftunkor va jizibador qilib ko‘rsatish masalalari muhokama etildi.

Joriy yil Toshkent kinofestivali tiklanib, yana an’anaviy o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shahar hokimi Toshkent bog‘lari, milliy oshxonalar, boy san’at va madaniyatimiz haqida ham to‘xtalib, bunday betakrorliklarni xalqimiz va shahrimiz mehmonlariga san’at darajasida taqdim etish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Suhbat davomida Valerio Festi Toshkent shahar hokimiga shaharni badiiy bezash, turli shou va festivallarni o‘tkazish bo‘yicha bir necha loyiha namunalarini ko‘rsatdi. J.Ortiqxo‘jayev mehmonlarga shaharni aylanib, xalqning madaniyati va turmush tarzi bilan atroflicha tanishishni va shunga ko‘ra Toshkent uchun maxsus loyihalarni taqdim etishini taklif qildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yillik tantanalarini bayramona o‘tkazishda Festi Group tajribasidan foydalanish masalasiga e’tibor qaratildi. Bu borada ham xorijlik mutaxassislar o‘z loyiha va takliflarini taqdim etadi. Agar Festi Group loyihalari tasdiqlansa, Toshkent shahar hokimligi va kompaniya o‘rtasida shartnoma imzolanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA