Davlatimiz rahbari ob’ektning sifati, shaharda transport tizimini yaxshilashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasida qurilgan ko‘prikni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur ko‘cha “Toshkent-Angren” temir yo‘li bilan kesishgan. Buning ustiga tor bo‘lib, avtomobillar harakatiga qiyinchilik tug‘dirardi.
Shu bois Qipchoq ko‘chasi 6 qatorli qilib kengaytirilib, temir yo‘l ustidan o‘tuvchi 772 metrlik ko‘prik barpo etildi. Uning estakada qismi 445, eni – 28 metr.
Ushbu ko‘prik soatiga 12 mingtagacha avtotransport vositalarini uzluksiz o‘tkazish imkoniyatiga ega. Eng muhimi, u poytaxtimizdagi ikkita yirik ko‘cha – Yangi Sergeli aylanma yo‘li bilan Toshkent xalqa yo‘lini bog‘laydi. Bu haydovchilar uchun ancha qulaylik yaratadi, minglab transport vositalari oqimini o‘ziga olib, boshqa ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytiradi.
- Pandemiya boshlanganda biz undan kuchli, qudratli bo‘lib chiqamiz deb maqsad qo‘ygan edik, - dedi Shavkat Mirziyoyev toshkentlik faollar bilan suhbatda. - Hammamiz ko‘ryapmiz dunyoda nimalar bo‘layotganini. Boshqa mamlakatlarda qurilishlar to‘xtab qolgan holatlar ham bo‘ldi. Xalqimiz tartib-intizom, birdamlik bilan barcha rejalarini ro‘yobga chiqarmoqda. Biz hamjihatlikda ko‘p narsalarga qodirmiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining Cho‘ponota ko‘chasi va Kichik halqa yo‘li kesishmasida quriladigan ko‘prik loyihasi bilan tanishgan edi. Kelgusida yangi yo‘l barpo etilib, Qipchoq ko‘chasidagi mazkur ko‘prikka tutashadi.
Shu yerda Turkiyaning “Kalyon” kompaniyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, transport va yo‘lovchilar harakati uchun qulayliklarni oshirish loyihalari muhokama qilindi.