Poytaxtimizda III Özbekiston – Rossiya mediaforumi ötkaziladi
Toşkent şahrida öz işini boşlaydigan III Özbekiston – Rossiya mediaforumida ikki mamlakat örtasidagi hamkorlikni rivojlantiriş, anʼanaviy qadriyatlarni tarğib etişda ommaviy axborot vositalarining örni hamda zamonaviy media makonidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Özbekiston Milliy axborot agentligi (ÖzA) va Rossiyaning TASS axborot agentligi hamkorligida taşkil etilayotgan mazkur yiğinda davlat hokimiyati organlari, yetakçi ommaviy axborot vositalari hamda nodavlat notijorat taşkilotlari vakillari iştirok etadi.
Ikki kun davom etadigan konferensiyada raqamli transformatsiya şaroitida Özbekiston va Rossiya media taşkilotlari oldida turgan asosiy vazifalar, axborot sohasidagi yangi imkoniyatlar va hamkorlik istiqbollari atrofliça körib çiqiladi.
Bugun bölib ötadigan yalpi majlis Özbekiston va Rossiyaning media, kommunikatsiya va axborot sohalaridagi strategik şerikligiga bağişlanadi.
Forum doirasida törtta işçi sessiya ötkazilişi rejalaştirilgan.
Birinçi sessiyada turizm, sport va gumanitar almaşinuvlarni rivojlantirişda ommaviy axborot vositalarining örni muhokama qilinadi.
Ikkinçi sessiya ikki mamlakat axborot makonini jadal raqamli transformatsiya şaroitida rivojlantiriş istiqbollariga bağişlanadi. Unda kontent yaratiş va tarqatişning zamonaviy texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellektdan foydalaniş imkoniyatlari xususida fikr almaşiladi.
Uçinçi sessiyada Özbekiston va Rossiyada axborot isteʼmoli madaniyatining özgarişi, anʼanaviy ommaviy axborot vositalarining örni hamda raqamli platformalarning jadal rivojlanişi bilan boğliq masalalar körib çiqiladi.
Törtinçi yakuniy sessiyada esa anʼanaviy qadriyatlarni asrab-avaylaşda ommaviy axborot vositalari va media platformalarning ahamiyati, şuningdek, auditoriya bilan işlaşning yangi texnologiyalaridan samarali foydalaniş masalalari muhokama qilinadi.
Bundan taşqari, hujjatli va badiiy filmlarni hamkorlikda işlab çiqariş, turli mavzularga bağişlangan qöşma maxsus media loyihalarni amalga oşiriş imkoniyatlarini körib çiqiş rejalaştirilgan.
Mediaforum doirasida kibermakonda axborot xavfsizligini taʼminlaş va bolalarni himoya qiliş masalalariga bağişlangan seminar ham taşkil etiladi. Şuningdek, internetda tarqalayotgan yolğon axborotlar va generativ sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan kontentning haqqoniyligini tekşiriş böyiça mahorat darslari ötkaziladi.
Forum doirasida qator ikki tomonlama muzokaralar ham bölib ötişi kutilmoqda.
Taʼkidlaş joizki, Özbekiston – Rossiya mediaforumi uçinçi bor taşkil etilmoqda. Ilk forum 2018-yil oktabr oyida bölib ötgan bölsa, 2021-yil noyabr oyidagi anjuman onlayn formatda ötkazilgan.
ÖzA