Poytaxtimizda dizayn markazi ish boshlaydi
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasida BMT qoshidagi Xalqaro savdo markazi “Etika moda tashabbusi” rahbari Simone Chipriani, loyiha bosh koordinatori Kloye Mukai, loyihaning O‘rta Osiyo bo‘yicha maslahatchisi Paula Koles hamda Italiyaning mashhur dizayneri janob Brachchalini bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan o‘zbek ipagining dovrug‘i, uning qiymati va xususiyatlari xorijiy mamlakatlarda ham mashhurligi haqida so‘z yuritildi. Uning jilosi, jozibasi Yevropa moda olamini ham zabt etayotgani, bugungi trend aynan qadimiy qadriyatlarni qayta tiklashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
– Yurtimiz ipak mahsulotlari ishlab chiqarishda katta imkoniyatga ega, – dedi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. – Undan samarali foydalanish masalasiga davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari ham katta e’tibor qaratgan. Chunki bu soha nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatli.

Unda 1 millionga yaqin aholi ish bilan band bo‘lib, ularning 90 foizi asosan chekka hududlarda yashovchi xotin-qizlardir. Biz to‘rt yildan buyon bosqichma-bosqich pilla yetishtirishdan boshlab, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoniga yetib keldik.
O‘zbekistonda yiliga 25 ming tonna pilla yetishtiriladi va hozirda 76 ta pillani qayta ishlash korxonalari bor. 5 ta mato ishlab chiqaruvchi fabrikalarimiz faoliyat olib boradi. Bizning maqsadimiz 2022 yilda 50 foiz ipakni o‘z yurtimizda matoga aylantirib, xorijga eksport qilishdan iborat.
Xorijlik mutaxassislar ham bu borada hamkorlik qilishga qiziqish bildirishdi.
– “Etika moda tashabbusi” juda katta loyiha bo‘lib, biz dunyo miqyosida mashhur brendlar bilan hamkorlikda ishlaymiz, – dedi “Etika moda tashabbusi” rahbari Simone Chipriani.

– Ushbu loyiha AQSH, Yaponiya, Avstraliya va Yevropa davlatlarida biznes akselerator vazifasini bajaradi. Biz hamkor har bir davlatga soha rivoji uchun investitsiya olib kirish masalalari ustida ishlaymiz.
Shu paytga qadar Afrika davlatlari bilan ishlab kelgan edik. Endilikda tashabbusni Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirmoqchimiz. O‘zbekistondan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining dizayn bo‘yicha maslahatchisi, xalqaro miqyosdagi dizayner Yoqut Shmid xonim bilan boshlagan loyihamizni davom ettirib, bu sohani yuksaklikka ko‘tarish, mahalliy iste’dodlarni kashf etib, ularning ijodlarini dunyo podiumlariga olib chiqishni rejalashtirganmiz.
Uchrashuv so‘ngida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi huzurida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan dizayn markazini tashkil etishga kelishib olindi. Ushbu markazda xorijda dizaynerlik faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lgan iqtidorli yoshlar va magistraturada tahsil olmoqchi bo‘lgan dizaynerlar tahsil olishadi.
Bu loyiha Italiyaning Polimoda (POLIMODA Fashion Design School) instituti tomonidan moliyalashtiriladi va bitiruvchilarga nafaqat yurtimizda, balki, xorijda ham soha bo‘yicha ishlash huquqini beruvchi maxsus sertifikat taqdim etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA