Poytaxtdagi talabalar turar joylarida qanday muammolar bor?
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, qabul kvotasi 3 barobar ko‘paytirildi. Natijada talabalar soni ham oshib, ayni paytda bir millionga yaqin yoshlar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotir. OTMlarga qamrov kengaygani barobarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi mutasaddi vazirlik, idoralar mas’ullari ishtirokida muhokama qilindi.
— bugungi kunda talabalarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan hamma talaba birdek foylana olyaptimi, oliy ta’lim muassasalarida ularga qanday sharoitlar yaratilyapti, turar joy bilan ta’minlash borasida qanday choralar ko‘rilmoqda? Bu kabi masalalarni o‘rganish maqsadida O‘zXDP fraksiyasi a’zolari va partiya Markaziy kengashi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar joriy yilning 15-16 fevral kunlari Toshkent shahridagi 15 ta oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi talabalar turar joylarida bo‘lib, real holat bilan tanishgan holda tahliliy ma’lumotnoma tayyorladi, — dedi Maqsuda Vorisova. — O‘rganishlar davomida bu sohada juda ko‘p muammolar borligi aniqlandi.

Yig‘ilishda o‘rganishlarda aniqlangan holatlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. O‘rganish yakunlari yuzasidan fraksiya a’zosi Firdavs Sharipov ma’ruza qildi:
— Yurtimizda talabalar sonining ortishi ularni turar-joy bilan ta’minlash masalasini yuzaga keltirdi. Tegishli chora-tadbirlar natijasida 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi. Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylari 256 taga yetkazilib, 91 ming nafar talabani joylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu bilan mavjud ehtiyojning 41 foizi ta’minlandi, xolos. Hozirda qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar-joyiga ehtiyoj mavjud.

Talabalar turar joyidagi holat oliy ta’lim muassasalari kesimida tahlil qilinganda O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarni turar joylarga joylashtirish tizimi to‘liq raqamlashtirilmagani aniqlandi. Hatto axborot texnologiyalari bo‘yicha yetakchi hisoblangan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham talabalarni turar joylarga joylashtirish tizimi raqamlashtirilmagan.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 1-sonli talabalar turar joyida tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan hamda 1-guruh ko‘zi ojiz talabalar uchun maxsus xonalar ajratilmagan, umumiy ovqatlanish xonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Toshkent moliya institutining 1-sonli yotoqxonasi xonalariga me’yoridan ortiq (5-6 nafar) talabalar joylashtirilgan. Sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinish holati achinarli holatda.
Toshkent farmatsevtika institutida ijarada turuvchi 1000dan ortiq talabaga ijara mablag‘larining 50 foizi to‘lab berilmagani aniqlangan. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalarining sharoiti yaxshi emas, ayrimlari 10-15 yillab ta’mirlanmagan, mebel va jihozlari eskirgan.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari aniqlangan kamchilik va muammolar bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘radilar.

— Talabalar turar joylari masalasi doimiy e’tiborimizda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili Laziz Mingishev. — 2022 yilning o‘zida 20 ming 153 o‘rinli turar joylar tashkil qilindi. Muammolarga to‘xtaladigan bo‘lsak, talabalarni turar joylarga joylashtirish tizimini raqamlashtirish maqsadida maxsus platforma ishlab chiqilgan. Ammo uni to‘liq ishga tushirishda ayrim masalalar bor. Masalan, chekka qishloqlarda Internet tizimining yaxshi ishlamasligi oqibatida haqiqiy muhtoj talabalar raqamli platformadan o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tolmasligi mumkin. Natijada muhtoj qolib, sharoiti yaxshi bo‘lgan talaba joylashishi mumkin.
Qizg‘in bahs-munozara va tortishuvlarga boy tarzda o‘tgan yig‘ilishda qator OTM vakillarining ham takliflari, fikrlari eshitildi.
Deputatlar ham mavjud holatlardan kelib chiqib takliflar berdilar. Jumladan, raqamli platforma to‘g‘ri ishlashi uchun uning talablarini to‘g‘ri qo‘yish lozimligi, ijaradagi talabalar uchun 50 foiz miqdoridagi ijara pullarini o‘z vaqtida o‘tkazib berish, talabalar turar joylaridagi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishini nazoratga olish, bu borada samarali tajribalarni tatbiq qilish borasida takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ushbu masala yuzasidan doimiy deputatlik va parlament nazorati o‘rnatilishi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA