Poytaxt ham bu borada muammolardan xoli emas
Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi bilan birgalikda sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni umumiy o‘rta ta’limga oid qismining Toshkent shahridagi ijrosi muhokama qilindi.
Qayd etish lozimki, xalq ta’limi tizimida eng asosiy masalalardan biri – maktablarda o‘quvchi sonining keskin oshib ketishi natijasida o‘rinlar yetishmasligidir. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016-2017 yillarda respublika bo‘yicha 9 ming 680 ta maktabda 4 million 808 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, 2020-2021 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 10 ming 8 ta maktabda 6 million 236 mingdan ortiqni tashkil etgan. Ya’ni, maktablar soni 3,3 foizga oshgan bo‘lsa, o‘quvchilar qariyb 30 foizga ko‘paygan. Bu esa ba’zi maktablarda ortiqcha yuklamalarning paydo bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Xalq ta’limi vazirligi mas’ul xodimi Erkin Murodov buni keyingi yillarda 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tganimiz bilan izohladi.

Yana bir muhim jihat. Respublika bo‘yicha maktablarda 501 ming 44 nafar o‘qituvchidan 3,5 foizi, ya’ni 17 ming 489 nafari oliy toifali pedagog xolos. 63 ming 626 nafari birinchi, 137 ming 917 nafari ikkinchi toifali, katta qismi esa mutaxassis. Bu esa ta’lim sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi hech kimga sir emas.
2016-2020 yillarda maktablarda qurilish-ta’mirlash, jihozlash ishlari sezilarli darajada oshgan. Misol uchun, 2016 yilda 371 maktabga ushbu ishlarga 379,2 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2020 yilda 505 maktabda 1,7 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari bajarildi.
Toshkent shahrida 2020-2021 o‘quv yilida 316 ta maktabda 450,7 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 23 ming 530 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda. So‘nggi ikki yilda shahardagi oliy toifali o‘qituvchilar soni 3,5 foizdan 5,2 foizga, birinchi toifali o‘qituvchilar soni 12,6 foizdan 17,3 foizga oshishiga erishilgan.
Qayd etilganidek, umumta’lim maktablarida davomat, baholash va kundalik yuritishning avtomatlashtirilgan “kundalik.com” tizimi joriy etilib, 24 ming 600 nafar o‘qituvchi va 400 mingdan ortiq o‘quvchining uy vazifalari bajarilishi yuzasidan onlayn monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shahardagi maktablarda ta’lim sharoitlarini yaxshilash uchun 2020 yilda davlat byudjetidan 405 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, jami 67 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Kutubxonalar uchun adabiyotlar, maxsus fan kabinetlari uchun tikuv mashinalari, musiqa asboblari va kompyuter texnikalari xarid qilingan.
Shu bilan birga, majlisda senatorlar hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari tomonidan bu borada yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, maktablarda davlat ta’lim standartlari asosida ta’lim berilishi holati tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan o‘rganilganda, aksariyat maktablarda fanlar bo‘yicha ta’lim sifati 45-60 foiz ekani aniqlangan.
Maktablarni malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash natijadorligi talab darajasida emas. Mavjud 23 ming 530 nafar o‘qituvchidan 58 foizi malaka toifasiga ega emas. Shahardagi 53 ta maktabda birorta ham oliy toifali o‘qituvchi yo‘q. Oliy ta’lim muassasalarining aksariyati Toshkent shahrida joylashganiga qaramay, maktablarda hamon o‘qituvchilarda bo‘lgan ehtiyoj yuqori. Ehtiyojning asosiy qismini boshlang‘ich ta’lim, matematika, informatika, fizika fani o‘qituvchilari tashkil etadi.
2020 yilda 100 balli reyting tizimi asosida attestatsiya qilinganda 2 ming 901 nafar pedagogdan 41 foizi qoniqarsiz baho olgan. Shuningdek, tuman fan metodistlarining faoliyatini kuchaytirish zarurligi, o‘quvchilarning fanlarni bilish darajasining pastligi, maktablarda o‘quvchilar soni ko‘pligi sababli dars jarayonlari 2,5-3 navbatda tashkil etilganligi ta’kidlandi.
Tadbirda shuningdek, ba’zi maktablarda sport inshootlari, maydonlari yo‘qligi, borlari ham ta’mirtalab ahvolga kelgani, sport inventarlari va jihozlari yetarli emasligi ham aytib o‘tildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA