Poytaxt aholisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilinyapti
Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi tomonidan yangi “Axborot, hisobot, muloqot” formatida poytaxt aholisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish an’anasi shakllandi.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, qilinayotgan ishlar va kelgusi chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda.

Har bir muloqotda ochiq hisobdorlik, aholi bilan tizimli qayta aloqa o‘rnatish va amaliy yechimlarni birgalikda muhokama qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Uchtepa faollari bilan nabatdagi ochiq muloqotda natijalar, rejalar va muammolar muhokama qilindi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Uchtepa tumani mahalla faollari bilan ochiq muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab yig‘ilganlarga Toshkent shahri va Uchtepa tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari taqdim etildi. Sanoat korxonalari faoliyatini kengaytirish, renovatsiya dasturlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, turizm va xizmat ko‘rsatish tarmoqlaridagi o‘sish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, byudjet tushumlari hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvning asosiy qismi esa savol-javoblarga bag‘ishlandi. Mahalla faollari o‘zlarini qiynayotgan masalalar, taklif va tashabbuslarini bildirib, ularga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi. Bildirilgan murojaatlar ijroga yo‘naltirilib, nazoratga olindi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot poytaxt taraqqiyoti hamda aholi manfaatlariga xizmat qiladigan amaliy yechimlarni muhokama qilish maydoniga aylandi.
Navbatdagi manzil qurilish ob’ektlaridan biri bo‘ldi. Tashrif davomida shahar hokimining qurilish ob’ektlarida ekologik normalarni joriy etish bo‘yicha qarori ijrosini ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash hamda qurilish maydonlarini yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan innovatsion va namunaviy yangi loyiha taqdim etildi.
Loyihaga ko‘ra, qurilish ob’ektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘ralishi, ob’ekt pasporti o‘rnatilib unda barcha zarur ma’lumotlar aks ettirilishi, piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, qurilish maydonlari perimetri bo‘ylab mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatiladi.
Qurilish jarayonlarini doimiy nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular Qurilish nazorati inspeksiyasi tizimiga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, artezian suv quduqlari, avtomobillarni yuvish maydonchalari hamda avtomatik elektr hisoblagichlarini joriy etish rejalashtirilgan. Qurilish texnikalarining shahar ko‘chalariga toza holda chiqishini ta’minlash ham asosiy talablar qatoridan o‘rin olgan.
Toshkent shahar Qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i yangi tartib va talablarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, poytaxtdagi 1700 ga yaqin qurilish ob’ektlariga mazkur talablarni joriy etish uchun muayyan muddat beriladi.

Tadbir davomida aholi va mutaxassislarning takliflari tinglandi. Toshkent shahar hokimi loyihani takomillashtirish uchun barcha konstruktiv takliflarga ochiq ekanini, bildirilgan fikrlar asosida zarur o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, Uchtepa tumanidagi Toshkent shahar 3-son bolalar klinik shifoxonasida ham muloqot o‘tkazilib, sog‘liqni saqlash tizimidagi mavjud muammolar, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy muassasalarni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yil davomida ushbu yo‘nalishdagi qator muammolar sezilarli darajada kamaygan. Shuningdek, tibbiyot muassasalari uchun 56 turdagi 81 ta zamonaviy uskuna xarid qilingani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda xorijiy tajriba asosida yangi tipdagi poliklinikalar qurilishi, bolalar sil kasalliklari shifoxonasini ta’mirlash, shuningdek, ayrim tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Uchtepa tumanidagi 1-son sport maktabini kengaytirish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha amalga oshirilgach, sport turlari soni 13 tadan 32 taga yetadi, sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar qamrovi esa 570 nafardan 3800 nafargacha oshirilishi kutilmoqda. Majmuada kibersport uchun ham alohida maydon tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida aholi murojaatlari tinglanib, ehtiyojmand fuqarolarga nogironlik aravachalari topshirildi. Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan Qurbon hayiti munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan operatsiyaga muhtoj bemorlarga maxsus vaucherlar berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA