Poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2026-yilda 100 million juftga, 2027-yilda 115 million juftga yetkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Qarorda mamlakatimizda charm xomashyosini chuqur qayta ishlash hajmini kengaytirish, terini qayta ishlash korxonalarini zamonaviy ekologik talablarga moslashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, quyidagilar 2026-2027-yillarda charm-poyabzal sanoatini
rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 690 million detsimetr kvadratga, 2027-yilda 800 million detsimetr kvadratga olib chiqish;
b) poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 100 million juftga, 2027-yilda 115 million juftga yetkazish;
v) eksport hajmini 2026-yilda 110 million AQSH dollariga, 2027-yilda 150 million AQSH dollariga yetkazish;
g) charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 246 milliard so‘mga, 2027-yilda 300 milliard so‘mga yetkazish;
d) charm-poyabzal sanoatida qo‘shilgan qiymatni 2026-yilda 860 milliard so‘m, 2027-yilda 1,2 trillion so‘mga yetkazish.
Qarorga ko‘ra, 2026-2028-yillarda hududlarda charm-poyabzal sanoatini bosqichma-bosqich yirik kooperatsiyalarni tashkil qilish asosida rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Qaror bilan 2026-2028-yillarda hududlarda mahalliy tashabbuskorlarni aniqlagan holda veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan teri va jun xomashyosini yig‘ib olish punktlarini tashkil qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Teri va jun xomashyosini yig‘ib olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari mazkur faoliyati bo‘yicha 2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulga qadar foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi.
Teri va jun xomashyosini yig‘ib olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga teri va jun xomashyosini yig‘ish maqsadlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banklaridan olingan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori, biroq 10 foizlik punktidan oshmagan qismi, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining 5 foizi "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
O‘zA