O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida “Postda – Na postu” gazetasi tashkil etilganining 95 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot tizimi, milliy jurnalistika sohasi vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhamedov bugun mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini xalqimizga yetkazishda, davr bilan hamqadam borishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Ichki ishlar vazirligining Birlashgan tahririyati – “Postda – Na postu” gazetasining ham munosib hissasi borligini alohida e’tirof etdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida bugungi kunda matbuot nainki “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohalarga ham aylanib borayotganini ta’kidlagan edi, – dedi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor D.Nazarmuhamedov. – Bu esa mazkur yo‘nalishda jasur va dovyurak, Vatanni chin yuragidan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqqozo etmoqda. Bugun “matbuot” deganda hayotining qaynoq jabhalariga dadil kirib boruvchi, adolat va haqiqatni mudom ustuvor bilgan so‘z ustalari ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bunday yetuk va salohiyatli kadrlar Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati “Postda – Na postu” gazetasi ijodiy jamoasida ham faoliyat ko‘rsatayotgani e’tiborga molik.
[gallery-23374]
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimiz milliy media olamida “Postda – Na postu” gazetasi o‘z muxlislari, o‘z auditoriyasiga ega bosma ommaviy axborot vositasi ekani bilan ahamiyatlidir. Gazeta nainki ichki ishlar tizimi, balki jamiyat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan o‘zgarishlarni faol yoritib bormoqda. Tahririyat jamoasi va uning ijodiy xodimlari respublika va xalqaro miqyosdagi ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyat qozonayotgani e’tiborga molik. “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz”, “Atirgul”, yurtimizning nufuzli tashkilotlari tomonidan o‘tkazilayotgan gender tengligi, inson huquqlarini ta’minlashni ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga doir tanlovlar shular jumlasidandir. Shu bilan birga keyingi yillarda gazeta milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini oshirishga oid 11 nomdagi kitob chop ettirib, ularni ichki ishlar tizimidagi kutubxonalar, mahallalarga yetkazib berdi.
Tantanali tadbirda “Postda – Na postu” gazetasining tarixiy taraqqiyot bosqichlarini ko‘rsatuvchi videofilm namoyish etildi. Gazetaning faxriy xodimlari, faol va fidoyi jurnalistlar Ichki ishlar vazirligining faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga “Postda – Na postu” gazetalari – mening taqdirimda” nomli maqolalar tanlovi hamda “Postda – Na postu” gazetalari – oilaviy gazetamiz” nomli videoroliklar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respbulikasi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov, Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston xalq artisti, ustoz san’atkor Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri maslahatchisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov va boshqalar mamlakatimiz media makonida “Postda – Na postu” gazetasi o‘z o‘rni va maqeiga, o‘z auditoriyasi va mushtariylariga ega ekanini, mazkur gazeta zamon bilan hamnafas, hamqadam odimlayotganini alohida e’tirof etdi.
– Bugun yangilanayotgan O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar jahonning eng rivojlangan davlatlari tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining mashalatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov. – Vatanga, xalqqa, Prezidentga sadoqat bilan xizmat qilish pogonli insonlarning eng oliy burchidir. Bu borada “Postda – Na postu” gazetasi salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Ijodiy jamoaga kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilaymiz.
– Men ham bir paytlari “Postda – Na postu” gazetasida muxbir bo‘lib mehnat qilgandim, – dedi O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Ushbu gazeta bugungi kunda ko‘plab yosh ijodkorlar uchun katta mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda. Gazeta davrning tezkor ruhini o‘zida ko‘zgudek aks ettirmog‘i zarur. Bu vazifani sharaf bilan ado etishda “Postda – Na postu” gazetasi tahririyatiga yangi ijodiy zafarlar tilaymiz.
– Biz huquq-tartibot sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni yoritish bilan birga tobora ko‘proq xalqimiz ichiga, mahallalarga kirib borishga, mushtariylarimiz uchun yanada hayotiy va ta’sirchan materiallar tayyorlashga bundan keyin ham astoydil intilamiz, – dedi Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati “Postda – Na postu” gazetasi bosh muharriri, polkovnik, taniqli jurnalist Bernora Sodiqova. – Prezidentimizning ommaviy axborot vositalari oldiga qo‘ygan vazifalarini sharaf bilan ado etishda bundan keyin ham bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.
Tantanali tadbirda milliy mustaqilligimiz, tinch va osoyishta kunlarimiz, jonajon O‘zbekistonimizni tarannum etuvchi katta badiiy-musiqiy dastur ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Ma’rifiy kecha samimiy, fayzli ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari