Portugaliyada COVID-19 cheklovlari yumshatilmoqda
Portugaliya hukumati COVID-19 cheklovlarini yumshatish uchun maktab, muzey va kafelarni qayta ochishga qaror qildi.
Mamlakatda karantin bosqichma-bosqich bekor qilinishi rejalashtirilgan.
Rasmiylar tomonidan joriy etilgan kuchli nazorat Portugaliyada ko‘pgina eshiklarni yopib qo‘ygan edi. O‘shandan beri birinchi marta 15 yoshgacha bo‘lgan 500 ming o‘quvchi darsga qaytdi.
Ta’kidlash kerak, hukumat cheklovlarga 15 martdan yengillik kirita boshlagan. Ya’ni, kitob do‘konlari, maktabgacha ta’lim muassasalari va sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berilgan edi.
Parlament esa favqulodda holatni aprel oyi o‘rtalariga qadar uzaytirishni ma’qullayapti. Agar vaziyat yaxshilansa, restoran va bozorlar oldinroq ochilishi mumkin.
Muzey, milliy yodgorlik do‘konlari va sport zallari qat’iy sanitariya qoidalariga rioya qilingan holda ochiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy sayyohlarning mamlakatga kirishi hanuz taqiq ostida. Portugaliya va Ispaniya o‘rtasidagi quruqlik chegara nazorati aprel o‘rtalarigacha uzaytirildi.
Shu oyning 19 sanasigacha mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq holat keskin ortib ketmasa, o‘rta maktablar va universitetlar ham ochiladi.
Darvoqe, Portugaliyada COVID-19 infeksiyasi yuqtirib olganlar 823 ming 355 kishini tashkil qiladi. 16 ming 879 nafar bemor esa virus qurboniga aylangan.