Portugaliyada chiroyli o‘simlik xavf tug‘dirmoqda
Bir vaqtlar bog‘larni bezagan pampas o‘ti endi Portugaliyada muammoga aylanmoqda. Zero, Janubiy Amerikadan keltirilgan, mamlakatdagi kamida 208 hududda tarqalgan bu o‘simlikning changi allergiyasi bor odamlar uchun jiddiy noqulaylik tug‘diradi.
Pampas juda tez ko‘payadi: bir tupi minglab urug‘ beradi, shamol esa zarralarni bir necha kilometrgacha olib ketadi. Shu bois, mazkur o‘simlik invaziv tur, ya’ni yangi hududga tarqalib, mahalliy o‘simliklarni siqib chiqaradigan begona tur sifatida baholanmoqda. 2019-yil mamlakatda taqiqlangan turlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, xususiy bog‘, yo‘l bo‘yi va sanoat hududlarida hamon uchraydi.
Muammo faqat tabiat bilan cheklanmaydi. Mutaxassislar bu o‘t changi aksirish, burun bitishi, ko‘z qichishi va astma xurujini keltirib chiqarishidan ham ogohlantirmoqda. Shuning uchun o‘simlikni urug‘ sochishidan oldin ildizi bilan yo‘qotish tavsiya qilinmoqda. Aks holda pampas har yili yanada keng hududga tarqalishini to‘xtatish qiyinlashadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA