Portugaliya terma jamoasi a’zosi Bernardu Silva APLda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan portugaliyalik futbolchiga aylandi
Krishtianu "Manchester Yunayted" safida APLda 236ta uchrashuvda maydonga tushishning uddasidan chiqqan.
Portugaliya milliy terma jamoasi hamda Angliyaning "Manchester Siti" klubi yarim himoyachisi Bernardu Silva Angliya Premyer-ligasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan portugaliyalik futbolchi bo‘lib rekord o‘rnatdi.
Gap shundaki, "shaharliklar" xavbegi kecha Londonning "Chelsi" klubiga qarshi bahsda maydonga tushdi. Bu bahs Bernardu uchun Angliya Premyer-ligasi doirasidagi 297-o‘yin bo‘ldi. Shu tariqa, Silva "Vest Xem", "Arsenal" va "Fulxem" klublarida to‘p tepgan Luish Morteni ortda qoldirdi. Uning hisobida 296ta o‘yin bor edi. Kuchli uchlikni esa Krishtianu Ronaldu yakunlab beradi. Krish "Manchester Yunayted" safida APLda 236ta uchrashuvda maydonga tushishning uddasidan chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, Bernardu Silva joriy yilning yozida "Manchester Siti" ni tark etishi deyarli aniq.