Pora bergan fuqaro qo‘lga olindi
Buxoro shahrida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimiga pora bergan shaxs ushlandi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Departamentning Olot tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida YPX inspektorining bildirgisi asosida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Shofirkon tumani “Bog‘iafzal” mahallasida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro F.A. ismli shaxs spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda avtomashina boshqarganligi uchun tuzilgan ma’muriy bayonnomani oqibatsiz qoldirish va avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga inspektorga pora taklif qiladi. Natijada Buxoro shahridagi “Buxoro trans stand” MCHJga qarashli jarima maydonida 1 million 100 ming so‘m pulni bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA