Joriy mavsumda 216 ming tonnadan ortiq “oq oltin” xirmonini uyish harakatida bo‘lgan namanganliklar tumanlarda bir-ketin muvaffaqiyatga erishmoqda.
Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ayniqsa, g‘alla va paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan poplik paxtakorlar 10 oylik tinimsiz mehnatlari natijasida davlat qabul punktlariga 33 ming 190 tonnadan ziyod paxta xomashyosi yetkazib berib, belgilangan shartnomaviy rejani bajardi.
Yuksak xirmon yaratishda klaster usulining tatbiq etilishi o‘z ijobiy samarasini berdi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari aka-uka Olimxon va G‘iyosiddin Boboxonov ta’sischiligidagi "Art soft Cluster" klasteri azamatlari, unga birlashgan zahmatkash fermerlar va barcha qishloq xo‘jaligi ishchilari zafar marrasi zabt etilishiga munosib hissa qo‘shdi.

Qayd etish joizki, tuman miqyosidagi 10 ming 300 gektar maydondan 33 ming 190 tonnadan ortiq “oq oltin” xirmoni yaratilib, paxtakor-dehqonlarimizning yuzi yorug‘ bo‘ldi. Klaster va "Yangiyer Pop", "Iqbol Samandar", "Barno Dono Dunyobek", "Nuriddin Rauf", "Pop samo yulduzi", "Ravshanoy Ruxshona", "Jo‘ravoy Ergashali Mironshoh", "Kavsar suvi" kabi fermer xo‘jaliklarining paxtadan oladigan hosildorligi 24 sentnerdan 40 sentnerga ortdi. Fermerlarning jami daromadi 1 million AQSH dollardan 3 million dollarga yetdi.

Bu o‘z navbatida, fidoyi, o‘z kasbiga sodiq dehqonlar tomonidan mo‘l hosil olish yo‘lida tinimsiz mehnat va yuksak jasorat ko‘rsatilganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, hozirga qadar Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlarida ham zafar marrasiga erishilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA