Pomidor qoqisini Yevropa bozorlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan yana bir istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Yangiyo‘l-Agro Star” kompaniyasi Sirdaryo tumanida sanoatbop pomidor yetishtirish va uni zamonaviy texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan eksportbop pomidor qoqilari bugun Yevropa bozorlariga yetkazib berilmoqda.
Mazkur loyiha mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish, eksport geografiyasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Loyiha “Yangiyo‘l-Agro Star” kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Art Konserva kompaniyasi texnologiyalari hamda Genboy Makina kompaniyasining zamonaviy pomidor kesish uskunalari asosida amalga oshirilmoqda.

Innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi ishlab chiqarish jarayonini 3–4 barobar tezlashtirib, mehnat sarfini 7–8 barobarga qisqartirish imkonini berdi. Bu mahsulot sifatini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish, tannarxni pasaytirish va eksport hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.
Quritish uchun maxsus sanoatbop, sergo‘sht va quruq moddalar miqdori yuqori bo‘lgan «Rio Grande», «Link», «Linok», «Galileo», «Roker» va «Kuruno» navli pomidorlar yetishtirilib, ulardan eksportbop pomidor qoqisi tayyorlanmoqda. Yevropa bozori talablariga to‘liq javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish maqsadida Italiyaning Areafredda kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kelishuv doirasida italiyalik agronomlar ekish, parvarishlash va quritish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, mahalliy fermerlarga ilg‘or agrotexnologiyalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar bermoqda.

Ayni paytda kompaniya Sirdaryo tumanida 100 gektar maydonda Italiya, Turkiya, Serbiya va Germaniya seleksiyasiga mansub «Grand», «Ercole» va «Marserio» kabi yuqori hosilli sanoatbop pomidor navlarini parvarishlab, ularni quritish va chuqur qayta ishlashga yo‘naltirmoqda. Yetishtirilgan hosil zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, yuqori sifatli quritilgan pomidor mahsuloti tayyorlanmoqda. Ilk partiyalar Turkiya bozoriga muvaffaqiyatli eksport qilingan bo‘lsa, bugungi kunda mahsulotlarni Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Kompaniya rahbari Alisher Ibragimovning ta’kidlashicha, eksport bozorlarini yanada kengaytirish uchun barcha zarur imkoniyatlar va ishonchli xalqaro hamkorlik aloqalari shakllangan.

— Bugungi kunda ishlab chiqarish quvvatimiz, zamonaviy texnologiyalarimiz va xorijiy hamkorlarimiz Yevropa bozorlariga ishonch bilan chiqishimiz uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Bu esa erishgan yutuqlarimizning eng muhim omillaridan biridir, — deydi u.
“Yangiyo‘l-Agro Star” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan korxonalardan biri hisoblanadi. Kompaniya pomidor, quritilgan pomidor, bulg‘or qalampiri va ko‘kat mahsulotlarini yetishtirish bilan bir qatorda, mamlakatning turli hududlarida eksportbop mahsulotlar klasterini shakllantirish ustida ham ish olib bormoqda.
Loyiha doirasida dastlab Italiyaga 36 tonna pomidor qoqisi eksport qilinib, bu 200 tonnani tashkil etuvchi eksport shartnomasining birinchi bosqichi sifatida amalga oshirildi. Natijada 623 tonna sanoatbop pomidor qayta ishlanib, 300 nafar fuqaro mavsumiy ish bilan ta’minlandi.

Loyihaning yuqori samaradorligi inobatga olinib, 2026-yilda eksport hajmini 2 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha yangi kelishuvga erishildi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. U fermerlar uchun barqaror va kafolatli bozor yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, hududning eksport salohiyatini yuksaltirish hamda qayta ishlangan mahsulotlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, quritilgan pomidor ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mazkur ilg‘or tajribani mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy etish rejalashtirilgan. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro bozorlarda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportchisi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri