Polvonlarimiz jahon chempionatida sovrindor bo‘ldi
Slovakiyaning Bratislava shahrida sport kurashlari bo‘yicha U20 jahon chempionati qizg‘in davom etmoqda. Yunon-rum kurashi bo‘yicha bahslarning navbatdagi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikki bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jumaladan, -72 kilogramm vazn toifasida Behruzbek Valiyev bronza medali uchun kechgan bahsda armanistonlik Gevorg Xachatryanga qarshi maydonga tushdi. Asosiy vaqt 7:7 hisobida yakunlangan bo‘lsa-da, ustunlik vakilimiz tomonida bo‘ldi. -55 kilogramm vaznda esa Hojiakbar Qo‘chqorov munosib natija qayd etdi. U bronza medali uchun bahsda moldovalik M.Sarmanovni 9:1 hisobida mag‘lub etdi va shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Bugun chepmpionatning yunon-rum kurashi bo‘yicha 60 kilogramm vazn toifasida Dostonbek Oripov oltin medal uchun bahsda ozarbayjonlik Ayxan Javadovga qarshi bahs olib boradi.
Shuningdek, bugun ayollar kurashi bo‘yicha musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham tatamiga chiqadi. Hususan, Munisa Mingyasharova (-55 kg), Feruza Qayratdinova (-62 kg), Sevinchoy Polvonova (-76 kg) yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Bundan tashqari, 50 kilogrammgacha vaznda Nilufar Nurmuhammadova hamda -53 kilogrammda Sohibjamol Esbosinova bronza medali uchun bahsda ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA