Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Polshaning Varshava shahrida O‘zbekiston va Polsha oliy ta’lim muassasalari rektorlarining navbatdagi forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining rektorlari ishtirok etdi.
Forumda ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini, akademik almashinuvlarni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Polshadagi universitetlar o‘rtasida bir nechta memorandumlar imzolandi. Xususan, mazkur forumda ishtirok etayotgan Shahrisabz davlat pedagogika instituti rektori Sherzod Nematov Bidgoshadagi Iqtisodiyot universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzoladi.
Ikki oliy ta’lim rektorlarining uchrashuvida istiqboldagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. Xususan, imzolangan memorandum doirasida ilmiy tadqiqotlar va akademik faoliyat bo‘yicha tajriba hamda ma’lumotlar almashish, qo‘shma ilmiy loyihalar, dasturlarni amalga oshirish, talabalar, magistrlar, yosh tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil etish, akademik almashinuv, hamkorlikda darslik va o‘quv qo‘llanmalar nashr etish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish kabi kelishuvlar amalga oshiriladi.
Bu kabi tadbirlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi va kelajakda hamkorlikning yangi sahifalarini ochadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri