Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev Polsha Respublikasi madaniyat va milliy meros vazirining o‘rinbosari B.Jelazovska boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida o‘zaro tajriba almashishni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlarga Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, mamlakatimiz barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Polsha tomoni O‘zbekistonda demokratik davlat asoslarini mustahkamlash va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Suhbat davomida ikki tomonlama parlamentlararo muloqot izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni faollashtirishda qiziqish bildirildi.
Hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
«Varshava – Toshkent - Varshava» to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovining ochilishi Polsha tomoni uchun ham juda uzoq kutilgan voqea ekani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidlab, ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga, o‘zaro sayyohlik oqimini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
N.Abduraimova,
O‘zA