Polsha – Belarus chegarasidagi vaziyatga bir nazar...
So‘nggi bir necha hafta ichida Belarus va Polsha chegarasida minglab muhojirlar to‘planib olgan. Ular Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tishga urinayotgani dunyo bo‘ylab munozaraga sabab bo‘ldi.
Polsha hukumati chegarada xavfsizlikni kuchaytirib, qo‘shimcha kuch jalb qildi va noqonuniy muhojirlarning mamlakatga kirish harakatini yo‘qqa chiqardi. Polsha migratsiya inqirozida Minskni ayblay boshladi. Belarus tomoni ayblovni rad etib, Polsha muhojirlarni haydayotganini da’vo qilmoqda.
Yuzlab noqonuniy muhojirlar Belarus hududidan Polshaga o‘tmoqchi. Ular sovuqda qolib ketgan, havo harorati 0 darajadan pastga tushib ketayotgani hech kimga sir emas.
Chegaradagi inqiroz falokatga aylanishi mumkin. Muhojirlar Belarus — Polsha chegarasida tunamoqda, ular orasida yosh bolalar ko‘p. Ustiga-ustak to‘planayotganlar safi har soat kengaymoqda.
Polsha chegarasi qattiq qo‘riqlanyapti, chegarachilarga yordam berish uchun minglab askarlar, terrorga qarshi kurash guruhi va politsiya xodimlari safarbar qilingan.
“Izvestiya” muxbiri voqea joyida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi. Uning aytishicha, muhojirlarga oziq-ovqat olib kelayotgan mashinalar to‘sib qo‘yilgan, natijada olomon to‘planib qolgan. Jurnalist qochqinlardan biri bilan suhbatlashib, undan chegara yonida nima bo‘layotganini batafsil aytib berishini so‘radi.
Muhojirning so‘zlariga ko‘ra, Polsha – Belarus chegarasida kishilar o‘zlariga boshpana yasab olgan. “Kundan-kun safimiz kengayib boryapti, bu achinarli holat. Olib kelinayotgan oziq-ovqat hammaga yetmayapti” – deb yig‘lagan qochqinlardan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, muhojirlar o‘zlari tuzib, harbiylarga taqdim etgan ro‘yxatga birinchi navbatda oziq-ovqatga eng muhtoj fuqarolar kiritilgan. Bular bolalar va tez-tez ovqatlanishi lozim bo‘lgan shaxslardir.
Jihod ismli yana bir qochqin ushbu vaziyatda eng ko‘p bolalar jabrlanayotganini ta’kidlaydi. U oziq-ovqat va suv muntazam olib kelinayotgani, ammo dori-darmon, taglik va bolalar uchun maxsus ovqat vaqtida yetkazilmagani sabab ko‘pchilik kasal ekanini ma’lum qilgan. Ko‘plab o‘smirlar maktabga borishni xohlayotgani aks etgan fotolavhalar tarqalib ketgan.
Qochqinlar mavjud muammolarga qaramay, hayotini tartibga solishga harakat qilmoqda. Ular kulba qurib, yon-atrofga barcha teng huquqli ekanini eslatuvchi bannerlar osib qo‘yishgan.
Ayrim bolali ayollar chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringani haqida xabarlar tarqalmoqda. Polsha xavfsizlik xizmati esa Yaqin Sharqdan kelgan qochqinlar harakatini to‘xtatgan.
Tafsilotlar orqali Yevropa Ittifoqida chegaradagi migratsiya inqirozi tufayli Belarusga qarshi sanksiyani kuchaytirish masalasi muhokama qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Binobarin, Minsk muhojirlar bilan bog‘liq inqirozga hech qanday aloqasi yo‘qligini iddao qilib, aksincha, bunga Yevropa siyosati sabab bo‘layotgani aytgan.
Keyinchalik Yevropa Ittifoqi Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari chegarasidagi migratsiya inqirozi uchun mas’uliyatni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko zimmasiga yukladi. Belarus yetakchisi, go‘yoki, YeI tomonidan kiritilgan sanksiya uchun o‘ch olishga harakat qilyapti, degan taxminlar ham urchidi.
Belarusning BMTdagi doimiy vakili Valentin Ribakov fikricha, Polsha va Litva Belarus chegarasidagi muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatdan foydalanib, Yevropa Ittifoqidan qo‘shimcha mablag‘ olishni maqsad qilgan.

Darvoqe, Polsha qurilib, ishga tushirilishi 2022 yil iyulga mo‘ljallangan Belarus bilan chegaradagi yangi panjara kunduzgi va tungi kuzatuv kameralari, harakatni aniqlaydigan qurilmalar bilan jihozlanadi. Bu haqda Polsha ichki ishlar vaziri Mariush Kaminski xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, 10 noyabr kuni Polshada milliy mustaqillik kuni nishonlandi. O‘sha kuni mamlakat prezidenti Anjey Duda mamlakat sarhadlariga borib, chegarani qo‘riqlayotgan harbiylar, politsiya xodimlari bilan uchrashdi.
Ertasiga, 11 noyabr kuni Anjey Duda muhojirlar tufayli xavfsizlik kuchlari shay holatga keltirilganini aytdi. Shu kuni Polsha tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lukash Yasina muhojirlar Yevropa Ittifoqi hududiga kiritilishi rejasi yo‘qligini ta’kidladi.
Xayriyat, bir necha kundirki, ikki mamlakat chegarasida vaziyat ancha barqarorlashdi. Yaqin oradagi ikkala lagerda ham fuqarolar harakati kamaya boshladi. Bir kun avval muhojirlar Bruzgi nazorat-o‘tkazish nuqtasi yonida joylashgan transport-logistika markaziga ko‘chib o‘tgan. 430 nafar, asosan Iroqdan kelgan muhojir Minskni birinchi evakuatsiya reysi bilan tark etgan.
Polsha rasmiylari xabar berishicha, ular Belarus chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan yuzga yaqin fuqaroni qo‘lga olgan.
Aleksandr Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont ma’lum qilishicha, hozir Belarusda 7 ming muhojir bor, ulardan 2 ming nafari chegara hududida. Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) chegara zonasidagilarning yarmi ayollar va bolalar ekanini qayd etdi.
Muhojirlarning aksariyati Iroqdan kelgan kurdlar, shuningdek, Suriya, Livan, Gana, Kuba, Kamerun va Hindiston fuqarolari.
Xullas, migratsiya inqirozi sabab ko‘plab fuqarolar, jumladan, bolalar va onalar jabrlanmoqda. Bizningcha “inson huquqi” tushunchasi qadrsizlanishi, fuqarolar haq-huquqi poymol bo‘lishiga befarq bo‘lmaslik, masalaga jiddiyroq yondashish zarur.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.