Polina Volobuyeva “Satellite” turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekistonlik rapirachi Polina Volobuyeva Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan “Satellite” turkumidagi xalqaro turnirda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqada 10 mamlakatdan sportchilar ishtirok etdi. Unda Polina Volobuyeva pley-off bosqichini mezbon mamlakat vakili Chayanutfat Shinnakerdchokka qarshi bahs bilan boshladi. Hal qiluvchi hujumlarda ustunlik ko‘rsatgan yurtdoshimiz 15:11 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.
Keyingi bosqichda fransiyalik Emma Mikaga qarshi bahsda ham Polina tashabbusni qo‘ldan boy bermadi. 15:9 hisobidagi g‘alaba unga yarim final yo‘llanmasini taqdim etdi.
Finalga chiqish uchun bo‘lib o‘tgan bellashuvda ukrainalik Dariya Mironyuk Volobuyevaga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Shunga qaramay, o‘zbekistonlik rapirachi 15:11 hisobida g‘alabaga erishib, finalga chiqdi. Oltin medal uchun kechgan hal qiluvchi bahsda amerikalik Viven Gurga qarshi maydonga chiqqan Volobuyeva yana bir ishonchli g‘alabani qayd etdi — 15:10.
Shu tariqa, Polina Volobuyeva Bangkokdagi turnirda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA