Polimershunoslikning dolzarb masalalari muhokama qilinmoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti tomonidan «Barqaror rivojlanish uchun ilg‘or polimershunoslik» («Advanced Polymer Science for Sustainable Development») mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Anjuman mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti tashkil etilganining 45 yilligi hamda o‘zbek polimershunoslik maktabi asoschisi, akademik Hamdam Usmonov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlandi.
Bugungi kunda polimer materiallar sanoat, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish va boshqa sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Shu bois yangi funksional materiallar yaratish, ekologik xavfsiz texnologiyalarni rivojlantirish va resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro konferensiyada mamlakatimiz va xorijiy davlatlar olimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim tashkilotlari vakillari, sanoat mutaxassislari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Ular polimerlar kimyosi va fizikasi sohasidagi zamonaviy yutuqlar, ilmiy ishlanmalar va ularni amaliyotga tatbiq etish istiqbollari yuzasidan fikr almashmoqda.
Anjuman doirasida funksional va intellektual materiallar, nanokompozitlar, biopolimerlar, molekulyar modellashtirish, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda polimer texnologiyalarining dolzarb masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, yangi polimerlarni sintez qilish, ularning fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘rganish, qayta tiklanuvchi xomashyodan foydalanish va ekologik barqaror materiallar ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Konferensiya dasturidan o‘rin olgan poster taqdimotlarida ishtirokchilar o‘z ilmiy ishlanmalarini namoyish etib, tadqiqot natijalari yuzasidan fikr almashmoqda. Bu, ayniqsa, yosh olimlar uchun o‘z izlanishlarini keng ilmiy jamoatchilikka tanishtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.
[gallery-32112]
Anjumanda o‘zbek polimershunoslik maktabi asoschisi, akademik H. Usmonovning ilmiy merosi, mamlakatimizda mazkur fan yo‘nalishini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi ham e’tirof etildi. Ustoz olim asos solgan ilmiy an’analarni davom ettirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro konferensiya polimershunoslik sohasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.
Anjuman 23-oktabr kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
Kamola YUSUPOVA,
Farhod ABDURASULOV (surat), O‘zA