Pokistonning Germaniyadagi yangi elchisi Berlinga yetib bordi
“Associated Press of Pakistan” (APP) agentligi ma’lum qilishicha, Pokiston Islom Respublikasining Germaniyadagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Salmon Sharif o‘z diplomatik missiyasini bajarish uchun Berlinga yetib bordi.
Aeroportda uni Federal tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari, Pokiston elchixonasi rahbari o‘rinbosari va diplomatik korpus xodimlari kutib olgan. Berlinga jo‘nab ketishdan avval Salmon Sharif Islomobodda Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari - tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar bilan uchrashgan. Suhbat chog‘ida TIV rahbari Islomobod va Berlin o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ayniqsa savdo-sotiq, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligini uqtirgan.
Bundan tashqari elchixona oldiga GFRdagi pokistonlik diaspora vakillari bilan yaqindan ishlash, ularning huquqi va manfaatini himoya qilish hamda sifatli konsullik xizmati ko‘rsatish ustuvor vazifa sifatida qo‘yilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA