Pokiston va Xitoy strategik sheriklikning 75 yilligini nishonladi
Pokiston va Xitoy diplomatik munosabatlarining 75 yilligi munosabati bilan Islomobodda o‘tkazilgan tantanali marosimda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik yana bir bor tasdiqlandi. Pokiston prezidenti Osif Ali Zardoriy va bosh vazir Shahboz Sharif XXR bilan aloqalarni mamlakat tashqi siyosatining asosiy ustunlaridan biri deb atadi.
Axborot hamkorimiz - “APP” xabar berishicha, prezident Zardoriy ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik savdo, investitsiya, infratuzilma, texnologiya va mudofaa sohalarida kengayib borayotganini ta’kidlab, Pokiston “Yagona Xitoy siyosati”ga sodiq qolishini yana bir bor qayd etdi.
Bosh vazir Shahboz Sharif esa Xitoyni Pokistonning “eng ishonchli va mustahkam do‘sti” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin og‘ir kunlarda ham Islomobodni yolg‘iz qoldirmagan. Ayniqsa, 2010-yildagi kuchli toshqinlar paytida Xitoy birinchi bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zgan davlatlardan biri bo‘lgani eslatib o‘tildi.
Marosimda Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi loyihasi ikki davlat hamkorligining eng yirik ramzi sifatida tilga olindi. Tomonlar yangi bosqichda sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va foydali qazilmalar sohalariga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA