Pokiston Sudanga harbiy samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni vaqtincha to‘xtatdi
Pokiston Sudanga qurol va harbiy samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha 1,5 milliard dollarlik kelishuvni vaqtincha to‘xtatdi. Manbalarga ko‘ra, bu qaror Saudiya Arabistonining bosimi ortidan qabul qilingan, chunki Ar-Riyod moliyalashtirishdan voz kechib, bitimni bekor qilishni talab qilgan.
Sudan bugungi kunda og‘ir gumanitar inqirozni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda armiya va tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar uch yildan beri davom etmoqda va bu mojaro tashqi kuchlar manfaatlari to‘qnashuviga aylangan. Shu sabab harbiy kelishuvlar mintaqadagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayrim xorijiy nashrlar yozishicha, Saudiya Arabistoni dastlab mazkur kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan, ammo keyinchalik o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan. Bunga ayrim g‘arb davlatlarining Afrikadagi bilvosita urushlardan chetda turish haqidagi tavsiyalari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ar-Riyod va BAAning Sudanda turli tomonlarni qo‘llab-quvvatlashi esa vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Ayni paytda Pokistonning boshqa harbiy eksport kelishuvlari ham xavf ostida qolgan. Xususan, Liviya bilan rejalashtirilgan yirik bitim taqdiri ham qayta ko‘rib chiqilayotgani xabar qilinmoqda. Ekspertlar fikricha, bu holat Saudiya Arabistoni mintaqadagi strategiyasini qayta baholayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA