O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari o‘rtasidagi ilk tarixiy onlayn-cammit ilmiy va akademik doiralarda ham nihoyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Janubiy Osiyodagi ushbu yirik davlat nafaqat iqtisodiy va harbiy, balki intellektual va insoniy resurslari bilan ham jahonda o‘zining munosib o‘rni va nufuziga egadir. Chunki 220 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan mamlakat bugun barcha jabhalarda jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tmoqda.
Shu bois ilmiy va ta’lim sohasidagi aloqalar ikki tomonlama munosabatlarimizda muhim yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonning qator oliy o‘quv yurtlarida, ayniqsa tibbiyot sohasida yuzlab pokistonlik yoshlarning tahsil olayotgani bu fikrimizni yaqqol isbotlaydi.
Qolaversa, bu yo‘nalishdagi faollashuv O‘zbekistonning tashqi dunyoga ochiqlik siyosati kechayotgan oxirgi to‘rt yilda kuzatilayotgani ham diqqatga sazovordir.
Ushbu oyda bizning universitetimiz ham Pokiston Islom Respublikasi Diplomatik faoliyat Akademiyasi bilan aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamni tashladi.
Mazkur Akademiyaning Bosh direktori, taniqli diplomat, favqulodda va muxtor elchi diplomatik martabasiga ega Imron Ahmad Mirza bilan o‘tkazilgan onlayn muzokaralar natijasida ilmiy va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli va sermahsul aloqalar o‘rnatishga kelishib olindi.
Ta’kidlashim joizki, JIDU xalqaro aloqalar sohasida bugunga kelib yetmishga yaqin shartnoma, hamkorlik memorandumlari va protokollar imzolagan.
Ular orasida Buyuk Britaniyaning Kent, Kembrij, Nortumbriya universitetlari, AQSHdagi Nebraska universiteti, Yevropadagi Sharq tillari va sivilizatsiyalari Fransuz Milliy Instituti, Shvetsiyaning Lund universiteti, Ispaniyadagi San-Pablo, Kastiliya-La Mancha, Nebrixa universitetlari, Vengriya Diplomatik Akademiyasi, Slovakiya universiteti, Yaponiyadagi Vaseda, Xokkaydo, Nagoya, Sukuba kabi taniqli universitetlar, Koreya Respublikasining Xankuk, Koreya, Aju, Seul, Silla universitetlari, Rossiyadagi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Diplomatik Akademiya, Ural va Novgorod davlat iqtisodiy universitetlari, shu jumladan Misr, Malayziya, Indoneziya, O‘man, Jazoir, Marokash, qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondagi oliy o‘quv yurtlarini va boshqa qator o‘quv maskanlari ham bor.
Pokiston Diplomatik xizmat akademiyasi esa Pokiston tashqi ishlar vazirligi o‘quv muassasasi hisoblanib, 1981 yilda tashkil etilgan va bu yil 40 yillik tantanalarini keng nishonlamoqda.
Aytish o‘rinliki, Pokiston tashqi ishlar vazirligi hukumatdagi eng muhim vazirliklardan biri bo‘lib, mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishga, boshqa davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarni kengaytirishga mas’uldir. Shu ma’noda Akademiya vazirlikning “o‘ziga xos ilmiy yuragi”, desa ham hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Akademiya o‘tgan vaqt davomida minglab pokistonlik diplomatlarni tayyorlagan, hozirda tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarning aksariyati uni tamomlagan. Bu yerda ular doimiy tarzda o‘z bilim va malakalarini oshirib kelmoqdalar, olgan amaliy ko‘nikmalarini nazariya bilan uyg‘unlashtirmoqdalar.
Bu yerda xorijdan kelgan diplomatlar uchun 21 ta maxsus o‘quv kurslari tashkil etilgan va hozirgacha 109 mamlakatdan kelgan mutaxassislar bu yerda tahsil olganlar.
Pokiston tashqi siyosat konsepsiyasi, diplomatiya tarixi va nazariyasi, mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar, musulmon mamlakatlar va jahonning qudratli kuch markazlari bilan munosabatlar tizimi, tashqi siyosatni shakllantirishdagi muhim bitim va shartnomalar Akademiyada salohiyatli olimlar tomonidan chuqur va puxta o‘rgatiladi.
Kelgusida ikki oliy ta’lim maskanlarimiz o‘rtasida tegishli Bitimning imzolash orqali ilmiy sohaga oid tadqiqotlarni birgalikda olib borish, olimlar o‘rtasida manfaatli almashuvlarni tashkil etish, professor-o‘qituvchilar ishtirokida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha seminarlar, simpoziumlar o‘tkazish, ma’muriy va ilmiy xodimlar malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy va metodik ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Komiljon Karimov
JIDU rektori