9 oktyabr — Butunjahon pochta kuni
Pochta tarixi haqida gap ketsa, ko‘pchiligimiz ilk yozishmalarni tashigan kabutarlar haqida eslaymiz. Bugungi kunga kelib esa pochta tushunchasiga maxsus jo‘natmalarni ham kiritib gapira olamiz. Chunki taraqqiyot o‘zaro xat almashishning yanada qulay vositalarini taqdim etib ulgurdi. Ammo bu — pochta orqali o‘zaro xat almashishlar bo‘lmaydi, degani emas.
Bugun, 9 oktyabr — Butunjahon pochta kuni. Bu kunning tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1874 yil 9 oktyabr kuni Shveysariya poytaxti Bern shahrida Butunjahon pochta ittifoqi (BPI) tashkil topgan. Bu kunni “Butunjahon pochta kuni” deb e’lon qilish haqida 1969 yili Tokioda bo‘lib o‘tgan Butunjahon pochta ittifoqining navbatdagi Kongressida rasman qaror qabul qilingan.
Butunjahon pochta kunining asosiy maqsadlaridan biri pochta sohasini davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini tatbiq etishdir. BPIga a’zo davlatlar tomonidan milliy pochta xizmati faoliyatiga oid tadbir dasturlari qabul qilinib, ommaviy axborot vositalari orqali aholini tanishtiradi. 1994 yili O‘zbekiston Respublikasi Butunjahon pochta ittifoqiga to‘la huquqli a’zo davlat sifatida qabul qilinib, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlari bilan xalqaro pochta almashinuvlarini amalga oshirib kelmoqda.
Aslida pochta xizmati deganda nimalar ko‘z oldimizga keladi va bu qanday tushunchalarga asoslanadi?!
22 yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi pochta aloqasi to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, yurtimizda pochta haqida asosiy tushunchalar qo‘yidagicha belgilangan:
adresat — o‘ziga pochta yoki kurerlik jo‘natmasi jo‘natilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yozma xat-xabarlar — oddiy va ro‘yxatga olinadigan xatlar, pochta varaqchalari, banderollar, mayda paketlar, ko‘zi ojizlar uchun jo‘natmalar va “M” qoplari;
kurerlik jo‘natmalari — jo‘natilishi pochta kureri orqali amalga oshiriladigan, hujjatlar va (yoki) tovar joylanmasi mavjud bo‘lgan jo‘natmalar;
posilka — belgilangan o‘lchamdagi, og‘irlikdagi va o‘rovdagi tovar joylanmasi mavjud bo‘lgan, ro‘yxatga olinadigan pochta jo‘natmasi;
pochta aloqasi — pochta aloqasi vositalari va ob’ektlarining yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iborat bo‘lgan, pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlaydigan aloqa turi;
pochta aloqasi vositalari — pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan binolar, yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar, uskunalar, taralar, texnika va transport vositalari;
pochta aloqasining milliy operatori — O‘zbekiston Respublikasi doirasida pochta aloqasi xizmatlari bozoridagi talabni qanoatlantirish, majburiy ravishda universal pochta xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha vazifalarni va Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan pochta aloqasi operatori;
pochta aloqasi ob’ektlari — pochta aloqasi operatorining alohida bo‘linmalari (pochtamtlar, pochta aloqasi bog‘lamalari, bo‘limlari, punktlari, shuningdek boshqa bo‘linmalar);
pochta aloqasi operatori — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida pochta aloqasi tarmog‘iga egalik qiluvchi va faoliyatning asosiy turi sifatida pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
pochta aloqasi provayderi — pochta aloqasi operatorlarining tarmog‘i orqali pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
pochta aloqasi tarmog‘i — pochta aloqasi vositalari, ob’ektlari va pochta yo‘nalishlarining majmui;
pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natish — pochta va kurerlik jo‘natmalarini qabul qilish, ularga ishlov berish, ularni saqlash, tashish, yetkazib berish (topshirish) bo‘yicha texnologik operatsiyalar majmui;
pochta jo‘natmalari — pochta jo‘natmasida ko‘rsatilgan pochta manzili bo‘yicha adresatga jo‘natish uchun pochta aloqasi operatori yoki provayderi tomonidan qabul qilingan yozma xat-xabar jo‘natmalari, posilkalar, pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalari...
Internet rivoji va butun dunyoda pochtaning an’anaviy xizmatlariga talab kamayishi dunyoda pochta operatorlarining daromadiga ham salbiy ta’sir eta boshlagach, ba’zi mamlakatlar buni davlat subsidiyalari bilan hal qilsa, boshqa operatorlar yangi muqobil daromad manbalarini topish maqsadida transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirishmoqda.
Har bir soha zamon bilan hamnafas bo‘lib, o‘z faoliyatiga yangiliklarni singdira olsagina jamiyatda o‘rnini mustahkamlab boraveradi. Shu ma’noda ko‘plab davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham pochta mijozlari o‘z uylaridan chiqmasdan turib jo‘natmalarini veb-sayt, mobil ilova yoki Telegram bot orqali rasmiylashtirishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Kompaniya vakillari bu tizim ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirishga yordam beradi. Shuningdek, logistika tizimi orqali mijozlarga o‘zlarining jo‘natmalarini onlayn kuzatib borish (tracking) imkoniyati ham mavjud.
Bu esa jo‘natmalarning qaysi bosqichlardan o‘tib kelayotgani haqida ma’lumot berib boradi. Shu o‘rinda pochta bilan bog‘liq yana bir texnika imkoniyatlari ham sinab kelinmoqda: bu pochtachi-dronlar bo‘lib, 100 kilogrammgacha yuk tashiy olar va bir kunda 2 ta reysni amalga oshira olar ekan. Shuningdek, dronlar maktublarni aholi punktigacha olib borishi, qabul qiluvchiga esa mahalliy pochtachilar yetkazib berishi lozim bo‘ladi. Bir paytlari kabutarlar qilgan xizmatni dronlar to‘liq “qo‘lga olib”, yuk jo‘natmalari osmon bo‘ylab yetkazilayotganiga ko‘zingiz tushsa, ajabmas.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA