Pnevmatik qurollar chegaradan o‘tkazilmadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan mamlakatimiz hududiga pnevmatik qurol-aslahalar noqonuniy ravishda kirib kelishining oldi olindi.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, pnevmatik, signal beruvchi, o‘z-o‘zini himoya qilish qurollarini tegishli litsenziyalarsiz yoki ruxsatnomalarsiz olib yurish, realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki undan olib chiqish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklar belgilangan.

“Qoraqalpog‘iston” stansiyasida “Volgograd-Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining 10-sonli vagoni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, unda yo‘lovchi bo‘lib kelayotgan fuqaro yonida bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan 1 dona MR-512S sal 4.5 mm yozuvli pnevmatik vintovka, 87 dona pnevmatik qo‘rg‘oshin o‘qlar hamda 1 dona G.25A yozuvli pnevmatik pistoletni Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimiz hududiga noqonuniy tarzda olib kirmoqchi bo‘lgan holati aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA