PMI kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi vakillari ishtirokida «Philip Morris International» (PMI) xalqaro kompaniyasining mintaqaviy va chet ellik mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda yashirin iqtisodiyot hajmini kamaytirish, tamaki va nikotin mahsulotlarining noqonuniy savdosini cheklash hamda uning oldini olish borasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida xalqaro kompaniya vakillari tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish sohasida ilg‘or xorij tajribasi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, Departament va Inspeksiya mas’ullari tomonidan sohaga oid quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda taqdimotlar o‘tkazildi.
Kontrabanda va uyushgan jinoiy sxemalarni aniqlash, xavf-xatarlarni tahlil qilish va mahsulot yetkazib berish zanjirini kuzatish;
Shubhali mahsulotlarni aniqlash vositalari va kriminalistik ekspertiza imkoniyatlari;
Xalqaro tergov va mintaqaviy huquqni qo‘llash amaliyoti;
Biznes va huquq-tartibot organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni tizimlashtirish.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA