Plastik chiqindilarni samarali boshqarish: muammo va amaliy yechimlar
Kundalik turmushimizda plastik idishlar va paketlardan juda ko‘p foydalanamiz. Asosan bir martalik bo‘lgan bunday mahsulotlar ishlatib bo‘linganidan keyin, albatta chiqindiga tashlab yuboriladi. Ammo ularning chirishi qiyin, qayta ishlanishi esa juda kam miqdorda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yiliga 400 million tonna plastik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu ko‘rsatkich 2050 yilga borib 2 barobar ortishi kutilmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, plastik chiqindilarning 40 foizi bir marta ishlatiladigan plastik mahsulotlardir. Dunyo miqyosida plastik mahsulotlarning atigi 9 foizi qayta ishlanadi, xolos. Bu kabi chiqindilarning bir qismi yoqib yuborilmoqda va oqibatda havo zaharlanmoqda. Qolgani yirik daryolar orqali dunyo okeaniga chiqib, suv dunyosiga zarar yetkazmoqda. Soha vakillarining ta’kidlashicha, bu kimyoviy mahsulot okeanlar tubidan tortib, dunyoning eng baland nuqtasi bo‘lgan Jamalungma cho‘qqisi etaklarigacha yetib borishga ulgurgan.

Plastik ko‘p funksiyali va arzon material sifatida qadoqlash va to‘qimachilikdan tortib, qurilish va tibbiyotgacha bo‘lgan keng sohalarda qo‘llanilmoqda. Biroq uning chidamliligi va uzoq muddat parchalanishi ekologik inqiroz sabablaridan biriga aylandi.
Ko‘plab mamlakatlar tomonidan plastik ifloslanishni kamaytirish uchun faol choralar ko‘rilmoqda. Xususan, bir martalik qadoqlashni taqiqlovchi qonunlarni joriy etish, qayta ishlash va chiqindilarni alohida yig‘ish dasturlarini yaratish. Boy davlatlar ularning bir qismini qayta ishlasa, qolganini rivojlanayotgan davlatlarga chiqarib yubormoqda. Biroq muammoning global miqyosi ko‘proq muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni talab qiladi. Plastik chiqindilarni inventarizatsiya qilish hozirgi holatni baholash va chiqindilarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish uchun asosiy vositalardan biridir.
O‘zbekistonda bu muammoga qarshi qanday choralar ko‘rilmoqda?
O‘zbekiston aholisi orasida plastik mahsulotlar, jumladan, polietilen paketlardan keng foydalanilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda yiliga 10,2 million tonna qattiq maishiy chiqindilar hosil bo‘lib, uning 10,3 foizini (1,05 million tonna) plastik chiqindilar tashkil etadi va respublikaning deyarli har bir hududida plastmassa buyumlari, jumladan, idish-tovoq va qop ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.

Shuningdek, O‘zbekistonda plastik chiqindilar muammosi iqtisodiyotning jadal o‘sishi, urbanizatsiya va turli sanoat tarmoqlarida plastikdan foydalanishning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Barqaror rivojlanishga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda ushbu muammoni hal qilishda xalqaro yondashuvni qo‘llash maqsadida “Olis va tog‘li hududlardagi plastik chiqindilar” loyihasi doirasida plastik chiqindilarni inventarizatsiyadan o‘tkazdi.

Loyiha “Bazel”, “Rotterdam” va “Stokgolm” (BRS) konvensiyalari kotibiyati ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Inventarizatsiyaning ahamiyati nimada?
Qayd etilishicha, inventarizatsiya bozorga kiruvchi plastmassa hajmlarini, ulardan foydalanish va qayta ishlash usullarini, shuningdek, chiqindilarni hosil qilish ko‘lamini baholash imkonini beradi. Bu jarayon vaziyatni tahlil qilish va uzoq muddatli chiqindilarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqishda muhim vositaga aylandi. Tadqiqot natijalari mamlakat iqtisodiyotida ishlatiladigan plastik hajmi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi.
Tadqiqotning asosiy natijalari
Qadoqlash sektori plastikning eng yirik iste’molchisi bo‘lib qolmoqda. 2022 yilda uning ulushi bozorga kiradigan plastik umumiy hajmining 22,1 foizini tashkil etdi. Transport sektori 24,9 foiz ulush bilan ikkinchi, qurilish sektori 22,2 foiz bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Ushbu uchta sanoat mamlakatdagi barcha plastikning 69 foizdan ortig‘idan foydalanadi.
Plastikdan foydalanish ortib borishi bilan chiqindilar hajmi ham oshadi. 2022 yilda plastik chiqindilar miqdori 249 ming 241 tonnaga yetdi, bu 2013 yilga nisbatan 147 foizga ko‘pdir. Chiqindilarning asosiy manbai qadoqlash bo‘lib qoladi, bu umumiy hajmning 192,115 tonnasini tashkil etadi. Bu qadoqlash materiallarining qisqa xizmat muddati bilan bog‘liq bo‘lib, ular ko‘pincha ishlatilgandan keyin darhol tashlanadi. Shu bilan birga, transport va qurilish sohalarida chiqindilar sekinroq ko‘paymoqda, chunki bu tarmoqlarda plastik mahsulotlar uzoq xizmat qilish muddatiga ega.
Bundan tashqari, mamlakatimizga plastik mahsulotlar importi eksportdan sezilarli darajada oshib, 2023 yilda 158,5 ming tonnani, 487,5 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2023 yilda plastik import ulushi 2020 yilga nisbatan 54,6 foizga oshdi.
Muammolar va qiyinchiliklar
Inventarizatsiya jarayonida plastik chiqindilarni samarali boshqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar aniqlandi.
Birinchidan, mamlakatda qayta ishlash infratuzilmasi yanada rivojlantirish va takomillashtirishni taqozo etadi. Qayta ishlash korxonalarining cheklangan soni chiqindilarni, ayniqsa, polietilen, polipropilen va polietilen tereftalat (PET) kabi asosiy polimerlarni samarali qayta ishlash imkoniyatini kamaytiradi.
Ikkinchidan, chiqindilarni alohida yig‘ish tizimining yo‘qligi qayta ishlash korxonalarining mavjud quvvatlaridan samarali foydalanishni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Aholining ekologik madaniyati yetishmasligi esa muammoni yanada kuchaytiradi: ko‘pchilik chiqindilarni saralashning ahamiyati va plastik ifloslanishning salbiy oqibatlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas.
Vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar
Plastik chiqindilarni samarali boshqarish uchun kompleks chora-tadbirlar ko‘rish talab etiladi. Ustuvor vazifalardan biri plastik chiqindilarni muntazam ravishda inventarizatsiya qilishdir. Bu bizga chiqindilar hajmi, ularni tarmoqlar va polimer turlari bo‘yicha taqsimlash to‘g‘risida muhim ma’lumotlarni olish hamda asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi. Infratuzilmani rivojlantirish ham muhim qadam hisoblanadi. Qayta ishlash korxonalari, xususan, polietilen, polipropilen va “PET” ni ko‘paytirish poligonlarga jo‘natiladigan chiqindilar hajmini sezilarli darajada kamaytiradi va qayta ishlashning iqtisodiy samaradorligini oshiradi.
Alohida chiqindilarni yig‘ish tizimini ishlab chiqish. Bu qayta ishlangan xomashyo sifatini oshirish, saralash xarajatlarini kamaytirish va qayta ishlash jarayonini tezlashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish zarur. Bunga axborot dasturlari, maktablar va korxonalarda chiqindilarni saralash dasturlari kabi amaliy tashabbuslar kirishi mumkin.
Qonunchilik bazasini takomillashtirish muammoni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Plastikni qayta ishlash uchun majburiy kvotalar va bir martalik mahsulotlardan foydalanishga cheklovlar joriy etish, plastik mahsulotlar va idishlarni, ayniqsa, tarkibida turli zararli kimyoviy moddalar va bo‘yoqlar bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va import qilishni bosqichma-bosqich taqiqlash, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarning kengaytirilgan majburiyatlari tizimini joriy etish, plastik mahsulotlar va idishlar o‘rnini bosuvchi ekologik toza tovarlarni (biologik parchalanadigan, qog‘oz, trikotaj, paxta va boshqalar) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarni rag‘batlantirish.
Investitsiyalarni jalb qilish ham istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Qayta ishlash sanoati sarmoyadorlari uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani mazkur tarmoqni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
O‘zbekistonda plastik chiqindilarni inventarizatsiya qilish baholash va rejalashtirish vositasi sifatida muhimligini isbotladi. Taklif etilayotgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nafaqat plastik chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, balki qayta ishlashning iqtisodiy samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush sifatini yaxshilash imkonini yaratadi. Bu qadamlar O‘zbekistonning chiqindilarni barqaror boshqarish sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘lishiga ham yordam beradi.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda vaziyatni yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Masalan chiqindilarni alohida yig‘ish yo‘lga qo‘yilmoqda, plastikning ayrim turlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga cheklovlar joriy etilmoqda, qayta ishlash quvvatlari rivojlanmoqda. Biroq, plastik chiqindilarni barqaror boshqarishga erishish davlat siyosatini kuchaytirish hamda biznes va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokini o‘z ichiga oluvchi kompleks yondashuvni talab qiladi.
Rivojlanishi kerak bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar:
1. Qonunchilik bazasini takomillashtirish: chiqindilarni boshqarish bo‘yicha norma va standartlarni qat’iylashtirish, ekologik to‘lov tizimini joriy etish, ishlab chiqaruvchilarning o‘z mahsulotlarini utilizatsiya qilish uchun javobgarligini kengaytirish.
2. Infratuzilma va texnologiyalarni rivojlantirish: yangi qayta ishlash korxonalarini qurish, alohida yig‘ish punktlarini yaratish, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish.
3. Aholi bilan targ‘ibot ishlari: axborot kampaniyalari orqali ekologik savodxonlikni oshirish, fuqarolarni chiqindilarni alohida yig‘ish va qayta ishlashga jalb qilish.
4.Innovatsiyalarni rag‘batlantirish: biologik parchalanadigan materiallar ishlab chiqarishga investitsiyalarni jalb etish, plastik mahsulotlarga alternativalarni ishlab chiqish va yopiq tizimni yaratish.
Xulosa o‘rnida aytganda, chiqindi muammosi bugungi kunimizning ajralmas qismiga aylangan. Ularni o‘z vaqtida to‘plash, joylashtirish, tashish, zararsizlantirish, saqlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilmasa, turli salbiy oqibatlarga, jumladan, har-xil yuqumli kasalliklar tarqalishi manbaiga aylanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA