Planshet va noutbuk ishlab chiqariladi
Elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish – Navoiy viloyati yengil sanoatining jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri.
Elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish – Navoiy viloyati yengil sanoatining jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri.“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida xorijiy kompaniyalar hamkorligida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar tufayli mazkur soha yanada rivojlanmoqda.
Erkin iqtisodiy zonada faoliyat koʻrsatayotgan “Telecom Divices Pro” masʼuliyati cheklangan jamiyatida “Uzmobile” savdo belgisi ostida telefon va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun qoʻshimcha qurilmalar ishlab chiqarilayotir. Faoliyat boshlaganiga olti yil boʻlgan korxonada tayyorlanayotgan telefonlar koʻplab funksiyalari, texnologik yangiliklar va zamonaviy dizayni bilan xalqaro brendlardan qolishmaydi. Ayni paytda xorijnikidan ancha arzon boʻlib, mahalliy foydalanuvchilar uchun qator qulayliklarga ega.
– Ish boshlangan dastlabki davrlarda 2 turdagi mahsulot tayyorlangan boʻlsa, bugunga kelib ular soni 5 taga yetdi, – deydi korxona bosh direktori oʻrinbosari B.Rasulov. – Xususan, bolalar uchun maxsus telefon-soat, Wi-Fi routeri, USB modemlari ishlab chiqarilib, yil boshidan buyon 12 milliard soʻmlik tovar sotildi. 47 nafar kishi mehnat qilayotgan korxonada ayni paytda yangi turdagi mahsulotlar – smartfon, planshet va noutbuk ishlab chiqarish boʻyicha ham izlanishlar olib borilmoqda. Bu eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ichki va tashqi bozorni oʻrganish, yetakchi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kun elektron qurilmalarning yangi avlodlarini yaratishni taqozo etmoqda. Bu, oʻz navbatida, zamonaviy texnikalar ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi.